Ushbu tarkibiy tuzilma 1998 yil 26 fevralda tashkil etilgan. Oradan bir yil o‘tib, u Ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlar tayyorlash bo‘yicha magistraturaga aylantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 23 sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida ichki ishlar organlari uchun mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan fakultet negizida Oliy akademik kurslar tashkil etildi. Jamoaga turli yillarda R.Saitbayev, F.Alimov, I.Mirzaraimov, O‘.Muxamedovlar rahbarlik qilishdi.
2017 yildan Oliy akademik kurslar Rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti maqomini oldi. Fakultetning asosiy maqsadi etib ichki ishlar organlari uchun yuksak kasb mahoratiga ega bo‘lgan, ma’naviy va axloqiy talablarga javob beradigan, ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etish va boshqarishga qodir, boshqaruvga doir kasbiy xislatlarga ega, bilimli va yuksak malakali rahbar kadrlar tayyorlash belgilandi.
Fakultetga o‘qishga kirish uchun oliy ma’lumotli, 40 yoshdan oshmagan, ichki ishlar organlarida kamida yetti yillik amaliy ish stajiga ega (bunda kunduzgi ta’lim shaklidagi o‘qish muddati hisobga olinmaydi), begilangan lavozimlar doirasida bir yildan kam bo‘lmagan muddat davomida xizmat o‘tab kelayotgan, o‘zining shaxsiy va ishchanlik xislatlari, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimining xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir ofitserlar tarkibidagi xodimlar nomzod sifatida ko‘rsatiladi.
Hozirgi paytda fakultetda «Ichki ishlar organlarining boshqaruv faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha malakali rahbar kadrlar tayyorlanmoqda. Bir yillik o‘quv dasturi doirasida tinglovchilarga yettita o‘quv moduli bo‘yicha 26 ta fan o‘qitiladi. O‘quv jarayoni ilg‘or innovatsion texnologiyalar hamda interfaol usullarda amalga oshiriladi. Sohaga oid yangi adabiyotlar, darslik va qo‘llanmalar mashg‘ulotlarning davr talablari asosida o‘tkazilishini ta’minlamoqda. Har bir mashg‘ulot malakali professor-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar organlarida katta tajriba to‘plagan amaliyot xodimlari tomonidan olib boriladi. O‘z navbatida, tinglovchilar ichki ishlar organlarida o‘quv modullari bo‘yicha malakaviy amaliyotni o‘tash davomida nazariy bilimlarini yanada mustahkamlaydilar. Rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasining qaroriga muvofiq «Menejment» ixtisosligi, belgilangan namunadagi diplom va ko‘krak nishoni beriladi.