Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi

12 Dekabr 2025, 04:12

65

IIV akademiyasi boshlig‘i Chirchiq shahridagi “Iqbol”, “Hamza” va “Kimyogar” mahallalarining kriminogen vaziyati bilan tanishdi.

O‘rganishlar davomida Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish to‘g‘risidagi PQ-1-son hamda bu boradagi tizim natijadorligini oshirishga qaratilgan PQ-253-son qarorlari ijrosiga e’tibor qaratildi.

Akademiya boshlig‘i mas’ullar va “yettilik” tizimi vakillari bilan birgalikda mahallalardagi real holat bo‘yicha muloqot qildi. Jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ularning axborotini tingladi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Huquqbuzarlik sodir etilishi mumkin bo‘lgan joylar zamonaviy kamera va tashvish tugmalari bilan ta’minlanib, xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. Bundan tashqari, aholi o‘rtasida profilaktika va huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, akademiya kursantlari jamoat tartibini saqlashga jalb etilmoqda.

Akademiya boshlig‘i fuqarolarni tashvishga solayotgan ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida hal etish jinoyatchilikni jilovlashga xizmat qilishini aytib o‘tdi. Shu bois, aholi, ayniqsa yoshlarning bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish, oilalardagi maishiy nizolarni bartaraf etish, ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan tizimli ravishda ishlash zarurligini ta’kidladi.

Uchrashuvlar chog‘ida ko‘p qayd etilayotgan jinoyatlar ham muhokama markazida bo‘ldi. Xususan, o‘g‘rilik va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlarining salmog‘i yuqori ekanligi aytilib, mas’ullarga har bir huquqbuzarlikning asl omillarini aniqlash, sabab va sharoitlarini bartaraf etish, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga ega, jinoyat sodir etish va undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish borasida topshiriq berildi.

Shu kuni “jinoyat o‘choq”lari sifatida baholangan hududlarga qo‘shimcha kuch va vositalarni yo‘naltirish, ayrim ko‘ngilochar, savdo va ovqatlanish maskanlarida o‘rnatilgan kameralarni xavfsizlik tizimlariga integratsiya qilish, ijarada turuvchi talabalar o‘rtasida profilaktik tadbirlar qamrovini oshirish, mahallalarda xavfsiz ko‘cha va uylarni tashkil qilish, texnik va jismoniy qo‘riqlovga olishni jadallashtirish, “mahalla yettiligi” a’zolariga metodik yordam ko‘rsatish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab olindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech