Magistraturaning birinchi darajadagi “tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar:
1) oliy ma’lumotli bo‘lishi;
2) ikkinchi darajadagi “tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligi yoki muqaddam faoliyat ko‘rsatgan magistratura, Oliy akademik kurslar hamda Rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti (oliy kurslari)ni tamomlagan bo‘lishi;
3) ichki ishlar organlarida kamida 3 (uch) yillik amaliy ish stajiga ega bo‘lishi;
4) so‘nggi 1 (bir) yil davomida quyidagi lavozimlar:
- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati va Ichki ishlar vazirligiga bevosita bo‘ysunuvchi tarkibiy tuzilmalar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i, ularga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimlarda;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining apparatlari bo‘yicha boshqarma boshlig‘i, ularga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimlarda;
- tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi) boshlig‘i, shuningdek, jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘i lavozimlarida xizmatni o‘tab kelayotgan bo‘lishi shart.
Magistraturaning ikkinchi darajadagi “tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar:
1) oliy ma’lumotli bo‘lishi;
2) ichki ishlar organlarida kamida 3 (uch) yillik amaliy ish stajiga ega bo‘lishi;
3) so‘nggi 1 (bir) yil davomida quyidagi lavozimlar:
- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati va vazirlikka bevosita bo‘ysunuvchi tarkibiy tuzilmalar bo‘yicha bosh inspektor, bosh mutaxassis, yetakchi yuriskonsult, bosh ekspert, o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi (tezkor vakil), muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektor, ularga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimlarda;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining apparatlari bo‘yicha bo‘linma boshliqlari, ularga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimlarlarda;
- tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, ichki ishlar boshqarma (bo‘lim)lari bo‘lim boshliqlari, ularga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimlarda;
- jazoni ijro etish muassasalari bo‘lim boshliqlari, ularga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa (davolash-profilaktik yordam ko‘rsatish bo‘limlari boshliqlaridan tashqari) lavozimlarda xizmatni o‘tab kelayotgan bo‘lishi shart.
Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarining 1 yillik pedagogik (yurisprudensiya yo‘nalishida) ish stajiga ega shahodatlangan professor-o‘qituvchilari ham magistraturaning ikkinchi darajadagi “tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligiga hujjat topshirishlari mumkin.
Magistraturada o‘qish istagidagi nomzodlarning hujjatlari elektron tartibda qabul qilinadi. Bunda nomzod magistr.akadmvd.uz manziliga zarur ma’lumotlarni kiritadi
va IIV Akademiyasi boshlig‘i nomiga yozilgan bildirgining elektron nusxasini ushbu manzilga yuboradi. Bildirgi qabul qilingandan so‘ng IIV Akademiyasi qabul komissiyasi kotibi tomonidan nomzodga bildirishnoma yuboriladi.
Magistraturaga o‘qishga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari prinsiplari asosida quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
1) hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;
2) maxsus kasbiy tanlov (umumjismoniy tayyorgarlik darjasini baholash va nomzodning kompetensiyalarini diagnostika qilish);
3) yakuniy suhbat.
Hujjatlar 2022 yilning 1 aprelidan 1 may kuniga qadar qabul qilinadi.
IIV Akademiyasi qabul komissiyasi