O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi har bir yurtdoshimiz uchun aziz va qadrli. IIV akademiyasida yangi kun nafasi madhiyamizning jo‘rovoz ijrosi bilan boshlanadi.
Sana munosabati bilan saf maydonida bo‘lib o‘tgan tadbir davlat ramzlariga bo‘lgan chuqur ehtiromning yorqin namunasi bo‘ldi.
Madhiyamiz ona Vatanimizning shon-shuhratini ulug‘laydigan, barchamizni yagona maqsad sari birlashtirib, yosh avlodni yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalaydigan, har bir yurtdoshimiz qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydigan birdamlik ramzi ekanligi e’tirof etildi.
Tadbirda 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunning mohiyati, milliy o‘zgimizni anglash va mustaqilligimizni mustahkamlashdagi ahamiyati aytib o‘tildi. Davlat ramzlarini hurmat qilish yurtimiz va xorijdagi har bir vatandoshimizning muqaddas burchi ekanligi ta’kidlandi.
Shu kuni poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 121-sonli umumta’lim maktabida ham bayram tadbiri o‘tkazildi. O‘qituvchi va murabbiylar, istiqlol davrida kamol topayotgan navqiron avlod vakillari qo‘llarni mag‘rur tutib, yurtimizning bosh qo‘shig‘ini baralla kuyladilar. Zero, madhiyamiz barchamiz uchun aziz va muqaddasdir!
IIV akademiyasi Axborot xizmati