Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

IIV AKADEMIYASIDA O‘QISH ISTAGIDA BO‘LGAN NOMZODLAR UCHUN IMKONIYAT

IIV AKADEMIYASIDA O‘QISH ISTAGIDA BO‘LGAN NOMZODLAR UCHUN IMKONIYAT

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi 2025/2026-o‘quv yili uchun kunduzgi ta’lim bakalavriatining “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishiga qo‘shimcha tanlov e’lon qiladi!

 

Kimlar o‘qishga qabul qilinadi?

Akademiyaga o‘qishga kirish uchun nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom”da belgilangan talablarga javob berishi zarur.

Nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi, 17 yoshdan kichik (qabul yilida 17 yoshga to‘ladiganlar) va 25 yoshdan katta bo‘lmasligi (shu jumladan, 25 yoshdagilar), umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoki professional ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

 

Arizalar qachongacha qabul qilinadi?

Nomzodlardan arizalar 2025-yilning 14-iyul kunidan 30-iyul kuniga qadar qabul qilinadi.

Akademiyada o‘qish istagini bildirgan nomzodlarning arizasi doimiy yashash joyi bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlarida qabul qilinadi.

 

Qanday hujjatlar talab etiladi?

Nomzodning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

nomzod tomonidan qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

anketa (ma’lumotnoma);

harbiy xizmatga chaqiriluvchining qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi nusxasi;

o‘qish, ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) joyidan tavsifnoma;

doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan sog‘lig‘ining holati haqida belgilangan namunadagi ma’lumotnoma (bo‘y-basti ko‘rsatilgan holda);

ota-onasining Akademiyaga o‘qishga kirishiga rozilik xati.

 

O‘qishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1) dastlabki tanlov;

2) maxsus kasbiy tanlov;

3) yakka tartibdagi yakuniy suhbat.

 

Dastlabki tanlov nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi ma’lumotlarni to‘plash, nomzod to‘g‘risidagi turli ma’lumotlar, shuningdek, uning sog‘ligi jihatdan o‘qishga yaroqliligini aniqlashdan iborat.

Nomzodlar vazirlik hamda ichki ishlar organlarida maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

 

Maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tadi.

 

Maxsus kasbiy tanlov quyidagilardan iborat:

hujjatlarni o‘rganish;

tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlarini o‘zlashtirganlik darajasini baholash.

 

Maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzod yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yiladi. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat huquqshunoslik, O‘zbekiston tarixi, tarbiya fanlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida Akademiyaga o‘qishga qabul qilinadi.

 

Kimlar imtiyoz bilan o‘qishga qabul qilinadi?

Xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblari, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari, shuningdek, vazirlik akademik litseylarining huquqshunoslik fani bo‘yicha idoraviy fan olimpiadasi g‘oliblari dastlabki va maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o‘qishga qabul qilinadi.

Shuningdek, matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari bo‘yicha nufuzli xalqaro, mintaqaviy hamda respublika olimpiadalari sovrindorlari dastlabki tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgach, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qaroriga ko‘ra, belgilangan qabul kvotalari doirasida yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o‘qishga qabul qilinadi.

 

Eslatib o‘tamiz!

Akademiyada o‘qish mutlaqo bepul, kursantlar o‘qishi davomida oziq-ovqat va yotoqxona bilan ta’minlanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech