Yurtimizda Yangi yil shukuhi kezib yuribdi. Bayram tadbirlari barchaga, ayniqsa bolajonlarga katta zavqu shavq bag‘ishlamoqda.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Respublika bolalar ruhiy-asab shifoxonasida o‘tkazilgan tadbir ham bolajonlarga cheksiz quvonch ulashdi.
Shu kuni IIV akademiyasi kursantlari tomonidan turli tomoshalar, qiziqarli sahna ko‘rinishlari, bayramona kuy-qo‘shiq va raqslar ijro qilindi. Ayniqsa Qorbobo, Qorqiz va ertak qahramonlari ishtirokidagi chiqishlar yig‘ilganlarni bir zum bo‘lsa-da zarguzashtlar olamidan zavq olishga undadi.
Tadbir yakunida maskanda shifo topayotgan jajji o‘g‘il-qizlarga ezgu tilaklar bildirilib, Yangi yil sovg‘alari topshirildi. Bolajonlarning yuz-ko‘zidagi tabassum va hayajon barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati