Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Ayni yo‘nalishda jamoat tartibini saqlash, mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olishga ham alohida e’tibor qaratilyapti.
Yaqinda IIV Akademiyasi ishchi guruhi tomonidan poytaxtimizning Yunusobod tumanida sayyor uchrashuvlar o‘tkazildi. Aholi bilan muloqotlar chog‘ida huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Chunki o‘tgan yil mobaynida tumandagi ayrim mahallalarda o‘g‘irlik, talonchilik, firibgarlik, tan jarohati yetkazish va boshqa turdagi jinoyatlar soni ko‘paygan. Ushbu jinoyatlarning ko‘pi aholi gavjum joylar, xususan, savdo markazlari, ko‘ngilochar maskanlar va bozorlar hududida sodir etilgan.
– Jinoyatchilikni jilovlashning xalqchil mexanizmlari amaliyotga joriy qilinmoqda, – deydi ishchi guruhi rahbari, polkovnik Ismoil Himmatov. – Hududlarni o‘rganish jarayonida huquqbuzarliklar profilaktika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahliliy o‘rganildi. Boisi, jinoyatchilikni barvaqt oldini olishda ushbu tizim samaradorligini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ishchi guruhi vakillari tomonidan kriminogen vaziyati murakkab hududlardagi mavjud ahvol manzilli o‘rganilib, ichki ishlar organlari rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati xodimlari ishtirokida sotsiologik so‘rovlar o‘tkazildi. Xususan, profilaktika inspektorining bir kunlik xizmat faoliyati, jinoyatchilik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan mahallalarda faoliyatni amalga oshirish mexanizmlarining o‘ziga xos xususiyatlari tahlil qilindi. Kelgusida kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarning oldini olish va jilovlash ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati