Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

YOSHLARDA SOG‘LOM MAFKURA VA VATANPARVARLIK TUYG‘USINI SHAKLLANTIRISH terrorizmga qarshi profilaktikaning muhim omili

09 Mart 2022, 01:03

1924

Bugungi kunda terrorizm va ekstremizm umumbashariy muammoga aylandi. Ushbu global tahdidlarga qarshi kurashish borasida dunyo miqyosida keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, mazkur muammoga hali to‘liq yechim topilgani yo‘q. Davlatimiz rahbari bu haqda to‘xtalib, «dunyoda terrorizm tahdidlari, ayniqsa, so‘nggi yillarda kuchayib borayotgani ularga qarshi, asosan, kuch ishlatish yo‘li bilan kurashish usuli o‘zini oqlamayotganidan dalolat beradi. Bu borada ko‘p hollarda tahdidlarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablar bilan emas, balki ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilangina cheklanib qolinmoqda», deya ta’kidlagan edi.

Terrorizm qanday niqobda bo‘lmasin, uning zamirida insoniyatga zulm o‘tkazish, begunoh odamlarning qonini to‘kish, xalqning moddiy-madaniy boylik­larini yo‘q qilish yotadi. Shuning uchun har qanday jamiyat terrorizmni mamlakat xavfsizligi va barqarorligiga raxna soluvchi, tinch-osuda hayot tarzini izdan chiqaruvchi, inson huquq va erkinliklarini poymol etuvchi kuch sifatida qabul qilmoqda.

Shu bois hozirgi murakkab sharoitda aholini, ayniqsa, yoshlarni terrorizmning zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi g‘oyalaridan himoya qilish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Unga qarshi harbiy yo‘l bilan kurashish faqatgina qisqa muddatli ijobiy natijalar berishini hisobga olsak, jamiyat a’zolari ongiga sog‘lom mafkura va bunyodkor g‘oyalarni singdirish muhim vazifaga aylanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, terrorchilik, ekstremizm va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklifining ilgari surilgani nechog‘lik hayotiy va ijtimoiy muhim voqelik bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz.

Ommaviy axborot vositalari hamda internet jahon axborot tarmog‘i orqali unga qarshi kurashishga qaratilgan profilaktik ishlarni olib borish, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yoshlarni terrorizm va ekstremizm xurujlaridan asrab-avaylash bu boradagi tarbiyaviy ishlarning ta’sirchanligini yanada oshiradi. Yosh avlodni yuksak vatanparvarlik va buyuk ajdodlarimizga munosib vorislik ruhida tarbiyalash jamiyatda buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi mustahkam mafkuraviy immunitetning hosil bo‘lishiga zamin yaratadi.

Bilamizki, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiya­lash – davlat organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlarining ko‘p bosqichli, tizimli, maqsadli va muvofiqlashtirilgan faoliyatidir. Vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda yoshlarga yurtimizning shonli tarixi, ulug‘vor qudrati haqida ma’lumotlar berish, Vatan ozodligi yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini keng targ‘ib qilish, ilm-fan va madaniyatning eng sara namoyandalari bilan tanishtirish, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti, mahallasi va xonadoniga cheksiz izzat-ehtirom bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatish juda katta ahamiyatga ega.

Ta’lim-tarbiya­ning milliy qadriyatlar uyg‘unligida to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi har bir insonda ona yurtga mehr-muhabbat, millat va xalq oldidagi mas’uliyat va burchni ang­lash, o‘z yurtidan faxrlanish hissini yuksaltiradi. Vatanparvarlik – shaxsni axloqiy shakllantirishning eng muhim tarkibiy qismi bo‘lib, kishini mamlakat ravnaqiga, tili va madaniyatiga hurmat bilan qarash, xalqimizning boy madaniy merosini asrab-

avaylashga undaydi. Bir so‘z bilan aytganda, vatanparvarlik oliy fuqarolik pozitsiyasi bo‘lib, davlat, xalq va jamiyat manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yish demakdir.

Yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirishga, eng avvalo, o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiya­lash, ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqurroq singdirish orqali erishiladi. Mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan «Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiya­lash konsepsiyasi» hamda «Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiya­lash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi» tasdiqlandi.

Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish orqali yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan xalos etish, ularning huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, terrorizm va ekstremizmning jirkanch oqibatlari haqida ogohlikka chaqirish ichki ishlar organlarining asosiy vazifalaridan biri sanaladi. Ayni masalada bir qator vazifalarni amalga oshirish jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Birinchidan, o‘quv muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda yoshlar, ayniqsa, uyushmagan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida vatanparvarlik ruhida tarbiya­lashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish zarur.

Ikkinchidan, turli ekstremistik oqimlarga qarshi kurashishni yanada faollashtirish orqali yoshlarning yot g‘oyalarga qo‘shilib ketishining oldini olish kerak.

Uchinchidan, ekstremis­tik oqimlar tarkibida sodir etgan jinoyati uchun jazo o‘tagan, hozirda tuzalish yo‘liga kirgan va ozodlikka chiqqan shaxslar ishtirokida aqidaparastlikning asl mohiyati va zararli oqibatlarini keng aholi o‘rtasida tushuntirish lozim.

To‘rtinchidan, profilaktik chora-tadbirlar va huquqiy targ‘ibot tadbirlariga mahalla faollari, ta’lim muassasalari va davlat organlarining amaliy hamkorligini yanada mustahkamlash yaxshi samara beradi.

Beshinchidan, ommaviy axborot vositalari va interent tarmog‘ida terrorizm va ekstremizmning jamiyat taraqqiyotiga tahdid soluvchi faoliyat ekanligi haqida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish darkor.

Zero, Yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash hamda uning tadrijiy rivojlanishiga hissa qo‘shish barcha vatandoshlarimizning ezgu orzu umidlaridan biriga aylanmog‘i kerak. Ushbu ulug‘vor maqsadga erishish yo‘lida yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish yoshlarning axloqiy ma’rifatini yuksaltirish barobarida, «tafakkur uchun kurash»ga xizmat qiladi. 

 

Rustam XATAMOV,

IIV Akademiyasi boshlig‘i,

polkovnik.

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech