Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

YOSHLAR YANGI O‘ZBEKISTONNING TAYANCHI BO‘LISHI KERAK

05 Sentyabr 2022, 05:09

1222

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida yangi o‘quv yili munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi bilan boshlandi.

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, o‘quv-saf qismi ofitserlari hamda kunduzgi ta’limning bakalavriat yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlar ishtirok etdi.

Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov mustaqillik yillari, xususan, so‘nggi yillarda mamlakatimiz hayotida ro‘y berayotgan mislsiz yangilanishlar, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ulkan islohotlar va erishilgan yutuqlarni e’tirof etib o‘tdi.

Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqchil siyosati tufayli O‘zbekiston bugun demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Buning ezgu samarasi o‘laroq, mustaqil taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlayotgan yurtimizning jahon hamjamiyatidagi siyosiy o‘rni va nufuzi ham tobora yuksalmoqda. Eng muhimi, izchil islohotlar xalqimizning farovon hayotini ta’minlashga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Akademiya boshlig‘i ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar haqida to‘xtalar ekan, ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish, uning tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash yo‘lida kursant yoshlarimiz zamonaviy bilim, mustahkam amaliy ko‘nikma, yetuk ma’naviy salohiyat va jangovar-jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lishi zarurligini alohida ta’kidladi. Buning uchun ta’lim muassasasida keng imkoniyatlar va o‘qitishning ilg‘or yondashuvlari tatbiq qilingani qayd etildi.

Tadbirda yangi o‘quv yilida Akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari oldida turgan eng muhim vazifalar, istiqbolli dasturlarning amaliy ijrosini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng “Cho‘lpon” nomidagi stipendiyaga sazovor bo‘lgan yoshlarga faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi. Ta’lim maskani boshlig‘i yoshlarni yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga, buyuk ajdodlarimizga munosib avlodlar bo‘lib kamolga yetishga da’vat etdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech