28-aprel kuni IIV Akademiyasida “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolari” mavzuyida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjuman IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Transport vazirligi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Adliya vazirligi huzuridagi Respublika sud ekspertizasi markazi, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi, “Avtotest-Report” mas’uliyati cheklangan jamiyati, shuningdek qator yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir avvalida ilmiy-amaliy anjumanning dolzarb ahamiyati, mamlakatimiz yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashning hozirgi holati, bu borada amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar ta’kidlab o‘tildi.
Soha vakillari o‘z ma’ruzalari orqali tizimdagi ayrim muammolar, xususan, yo‘l harakati ishtirokchilarining madaniyatini oshirish, avtomaktablarda o‘qitishning zamonaviy mexanizmlarini keng joriy qilish, avtomobillar tinrbandligining oldini olishda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini qo‘llash, atrof-muhitga zararlarni kamaytirish, ilmiy yondashuv asosida yo‘l-transport hodisalarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash masalalariga batafsil to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek 2022-yil davomida respublikamiz avtomobil yo‘llarida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari tahlil qilinib, yechimini kutayotgan muammolar bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati