Tadbirni ta’lim muassasasi rahbari, polkovnik Rustam Xatamov kirish so‘zi bilan ochdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz ichki ishlar organlarini isloh etishga qaratilgan keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirildi. Ayniqsa ichki ishlar organlarini aholiga va har bir oilaga yanada yaqinlashtirish, tizimni chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish maqsadida kadrlar tayyorlashning zamonaviy mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilindi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2021-yil 15-apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur qaror bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’limning magistratura yo‘nalishi tashkil etilib, yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Bitiruv tadbirida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov soha xodimlarining intellektual va kasbiy salohiyati, ma’naviy-ma’rifiy saviyasi, jangovar-jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarga to‘xtaldi.
– Ichki ishlar organlari faoliyatiga mutlaqo yangicha ish uslublari joriy qilinmoqda, – dedi A. Ikramov. – Bunday sharoitda zamonaviy bilim va kasbiy tayyorgarlikka ega, yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan rahbar kadrlarga ehtiyoj tobora oshib bormoqda. Davlatimiz rahbarining qarorida ham ichki ishlar organi rahbarlar tarkibining tegishli lavozimiga tayinlanishi uchun xodimlarning Akademiya magistraturasida o‘qishi shartligi alohida belgilab qo‘yildi. Shundan kelib chiqib, magistraturada o‘quv jarayoni milliy va xalqaro tajribaning ilg‘or jihatlariga tayangan holda zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, dastlabki o‘quv yilida magistraturaning “tashkiliy-strategik boshqaruv” hamda “tashkiliy-taktik boshqaruv” yo‘nalishlariga 149 nafar nomzod o‘qishga qabul qilindi. Tinglovchilar ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari faoliyatini tashkil etish va boshqarishga yo‘naltirilgan modulli tizim asosida ta’lim oldilar. Bunda har bir o‘quv moduli yakuni bo‘yicha malakaviy amaliyotlar tashkil qilinib, nazariy bilimlarni amaliy jihatdan mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Ta’lim sifatini oshirish maqsadida mashg‘ulotlarga davlat hokimiyati va boshqaruv organlari vakillari, nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan olim va ekspertlar, shuningdek ichki ishlar vaziri o‘rinbosarlari, vazirlik sohaviy xizmatlari rahbarlari, Akademiya rahbariyati va professor-o‘qituvchilari jalb qilindi.
Tinglovchilar IIV sohaviy xizmatlari, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBBlari, Respublika sud ekspertizasi markazida bevosita birinchi rahbarlar murabbiyligida malakaviy amaliyot o‘tadilar. Magistrlik ilmiy-tadqiqot ishlarini tayyorlashda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Jamoat xavfsizligi universiteti, Sudyalar oliy maktabi, Bosh prokuratura akademiyasi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Turkiya Respublikasida qisqa muddatli o‘quv yig‘inlari tashkil qilinib, tinglovchilarning rahbarlik va boshqaruvga doir ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Bitiruv tadbirida rahbar kadrlar oldida turgan ustuvor vazifalar ham ta’kidlab o‘tildi. Yangidan-yangi tahdidlar vujudga kelayotgan hozirgi davrda ichki ishlar organlarining kuch-vositalarini oqilona boshqarish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish natijadorligini oshirish, ayniqsa aholi muammolarini hal qilishda har bir rahbar xodim o‘zining yuksak vatanparvarligi, sadoqati va mas’uliyatini namoyon etishi kerakligi alohida qayd etildi.
– Ichki ishlar xodimi, eng avvalo, xalqparvar bo‘lishi kerak, – dedi ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov. – Odamlarning dardu tashvishi bilan yashab, mushkulini oson etishga, tinch-osoyishta hayotini ta’minlashga hissa qo‘shsangiz, jamiyatda obro‘-e’tibor qozonasiz. Muhtaram Prezidentimiz “rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi kerak”, degan edilar. Siz, aziz bitiruvchilar ana shu mas’uliyatni doimo his etib, yuksak bilim va shijoatingiz bilan barchaga o‘rnak bo‘lishingiz kerak.
Shundan so‘ng o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga diplomlar topshirildi. General-mayor Azizbek Ikramov, general-polkovnik Zokirjon Almatov, polkovnik Rustam Xatamov bitiruvchilarni muborakbod etib, kelgusidagi xizmat faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladilar. Tantanali tadbirda bitiruvchilar ham so‘zga chiqib, ona Vatanimiz, xalqimiz va davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ulkan ishonchni munosib oqlashga va’da berdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati