Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Xotin-qizlar – jamiyatdagi yangilanishlar faoli

06 Oktyabr 2023, 10:10

1375

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va mavqei oshib bormoqda. Gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar IIV Akademiyasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Anjumanda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi direktori Muqaddam Rasulova, ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va kursant qizlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Akademiya rahbari Rustam Xatamov xotin-qizlar masalasi “Inson qadri uchun” degan g‘oya asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, keyingi olti yilda xotin-qizlar masalalariga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilindi. Bugungi kunda 2 ming nafarga yaqin xotin-qizlar davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlar ekanini ta’kidlash joiz. Bundan olti yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu raqam qariyb besh barobar ko‘payib, oliy ta’lim olayotgan talabalar orasida qizlar ulushi 50 foizga yetdi.

– Mamlakatimizning bu borada olib borayotgan islohotlari xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Xususan, “Open Data Watch” tashkilotining Ochiq gender ma’lumotlari indeksida O‘zbekiston 195 davlat orasida 18-o‘rinni qayd etib, dastlabki yigirmatalikdan joy oldi. Ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi rolini tubdan oshirishga qaratilgan islohotlar Yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi oshishiga xizmat qilmoqda, – dedi Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova.

– Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha eng quyi bo‘g‘ingacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilgan. Asosiy maqsadimiz har bir ayol, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilasida nizoli vaziyatlar bor bo‘lgan xotin-qizlarga har tomonlama ko‘maklashishdir, – dedi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva.

Ilmiy-amaliy anjumanda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularni o‘qitish, kasb-hunarga yo‘naltirish, muammolarini hal qilishga ko‘maklashish, ayniqsa jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmagan, adashib jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan ayollarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar e’tirof etildi. 2030-yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan ustuvor maqsad hamda vazifalar haqida ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida “Ishga marhamat” monomarkazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan o‘quv kurslarini tamomlagan kursantlarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek mehmonlar Akademiya kursant qizlari uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, xususan, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, turmushga tayyorlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklar hamda ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan innovatsion yondashuvlar bilan tanishdilar.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech