Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

XITOYLIK PROFESSOR-O‘QITUVCHILAR VA TALABALAR YURTIMIZDA MALAKA OSHIRDI

08 Noyabr 2025, 06:11

32

IIV akademiyasida Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari uchun tashkil qilingan o‘quv kursi yakunlandi.

Aytish joizki, ikki haftalik o‘quv kursi doirasida ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va tajriba almashinuvini mustahkamlashga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirildi.

Mashg‘ulotlar davomida mehmonlar yurtimizning qadimiy va boy tarixi, yangi O‘zbekistondagi keng qamrovli o‘zgarishlar, muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan strategik islohotlar, shuningdek mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimi, soha uchun kadrlar tayyorlash jarayonlari haqida keng tushunchaga ega bo‘lishdi.

Ayniqsa joylarda tashkil qilingan sayyor mashg‘ulotlar ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, xavfsiz turizmni ta’minlash faoliyatiga joriy qilingan ilg‘or yondashuvlar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

O‘quv kursi yakuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda universitet delegatsiyasi rahbari Xu Meng yurtimiz haqidagi taassurotlarini bo‘lishib, shunday dedi:

“Tashrif chog‘ida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarga guvoh bo‘ldik. Akademiyada yo‘lga qo‘yilgan innovatsion ta’lim jarayonlari bilan tanishish, qiziqarli ma’ruzalarni tinglash, yetuk salohiyatli professor-o‘qituvchilar bilan fikr almashish biz uchun juda foydali bo‘ldi. Muhimi, bir jihatga, ta’lim muassasalarimiz o‘rtasidagi aloqalar izchil ravnaq topib borayotganiga amin bo‘ldik”.

Akademiya rahbari O‘zbekiston va Xitoy mamlakatlarini tarix sinovidan o‘tgan aloqalar bog‘lab turishini alohida ta’kidladi. “Keyingi yillarda munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Manfaatli aloqalar ko‘plab sohalar qatori, huquqni muhofaza qilish tizimida ham jadal rivojlandi. Bugun buning amaliy ifodasini ko‘rib turibmiz. O‘ylaymanki, ayni jihatlar hamkorligimizni yangi zamon ruhi bilan yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, – dedi Rustam Xatamov.

Shundan so‘ng universitet professor-o‘qituvchilari va talabalariga sertifikatlar topshirildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech