Har qanday demokratik islohotlar samarasi jamiyatda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liq. Mustaqillik yillari milliy taraqqiyot yo‘limizda erishgan ulkan yutuqlarga nazar solsak, buning fundamental asosi va huquqiy negizini Asosiy qomusimiz tashkil etishini ko‘rish mumkin.
Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Inson huquqlari Milliy markazi mas’ul xodimlari, parlament a’zolari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, shuningdek Jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti va Akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Anjuman avvalida ta’lim muassasasi boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, Bosh Qomusimiz taraqqiy topgan mamlakatlar tajribasi va milliy davlatchilik tariximizning boy qadriyatlariga tayangan holda yaratilgani, fuqarolarning huquq va erkinliklari borasida Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining barcha asosiy g‘oya va qoidalarini o‘ziga singdirganini alohida e’tirof etdi.
– Yurtimizda kechayotgan islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil hayotimizga chuqur tatbiq etilmoqda. E’tiborli jihati, strategiyada yurtimizdagi har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat etib belgilangan. Muhtaram Prezidentimiz bu haqda to‘xtalib, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Biz bundan buyon faoliyatimizni “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz”, - deya alohida ta’kidladilar. Buning ezgu samarasi Bosh qomusimizda o‘z aksini topgan “xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladi”, degan ulug‘vor tamoyilning hayotimizda mustahkam qaror topishiga, jamiyatda inson omilini yuksak darajada qadrlashga xizmat qiladi, – dedi Akademiya boshlig‘i.
Ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi jamiyatimizning mustahkam poydevori sifatida yurtimiz fuqarolarining bugungi hayoti va ertangi kelajagini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘tgan davr mobaynida Konstitutsiyamiz mohiyatiga singdirilgan tamoyillarni hayotga izchil tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar Bosh qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Aynan shu sababli ham, Bosh qomusimizni ehtirom bilan ulug‘lashimiz, unga izchil amal qilishimiz, Asosiy qonunimizda mujassam bo‘lgan ajdodlarimizning buyuk merosi va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz qalbiga chuqur singdirishimiz lozim.
Ilmiy-amaliy anjuman mehmonlari “Inson huquq va erkinliklarini himoyalashda konstitutsiyaviy odil sudlov organi”, “Millatlararo hamjihatlik va dinlararo bag‘rikenglikning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari”, “Ombudsman institutining inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi roli”, “Yangi O‘zbekiston konstitutsiyaviy qonunchiligini takomillashtirish istiqbollari” mavzularida ma’ruza qilib, Bosh Qomusimizning mamlakatimiz taqdiri, jamiyat farovonligi, har bir insonning huquq va erkinliklarini belgilashda beqiyos ahamiyat kasb etuvchi muhim hujjat ekanligini aytib o‘tdilar.
Akademiya ilmiy tadqiqotchilari, magistratura tinglovchilari va kunduzgi ta’lim bakalavriati kursantlari ishtirok etgan ilmiy anjuman davomida ekspertlar tomonidan dolzarb fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirildi. Anjuman doirasida Axborot-resurs markazi qoshida kitob yarmarkasi ham tashkil qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati