Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

HUQUQBUZARLIKLARNING BARVAQT OLDINI OLISh dolzarb va kechiktirib bo‘lmas vazifa

31 Mart 2022, 10:03

1650

Bugun, 31-mart kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasida huquqbuzarliklar profilaktikasining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Vazirlik va idoralar ekspertlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, huquqshunos olimlar va oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etgan anjumanda tizim faoliyati hamda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov so‘z olib, ilmiy-amaliy anjumanning asosiy maqsad va vazifalariga to‘xtaldi.

– So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida tizimda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, ichki ishlar organlari faoliyatini mutlaqo yangicha mexanizmlar asosida tashkil etish, tizimni ijtimoiy yo‘naltirilgan xalqparvar, xalqchil tuzilmaga aylantirish ustuvor maqsad etib belgilandi, – dedi R.Xatamov. – Ayniqsa huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda quyi bo‘g‘inlarga alohida e’tibor qaratilayotgani mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash, aholini qiynayotgan masalalarni joyida hal etishda, mamlakatimizdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Anjumanda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullaev, Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Umida Abdullayeva, Yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshlig‘i Sherzod Olimov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Akrom Toshpo‘latov, IIV Akademiyasining Huquqbuzarliklar profilaktikasi va kriminologiya kafedrasi boshlig‘i To‘lqin Mamatqulov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Salomat Niyozova, Xalqaro islom akademiyasi dotsenti Hamida To‘ychiyeva va boshqalar so‘zga chiqib, huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali amalga oshirish va takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Ta’lim muassasasi boshlig‘i Rustam Xatamov anjuman yakunlari bo‘yicha fikr bildirar ekan, respublikamizning kriminogen vaziyati murakkab hududlarida huquqbuzarliklar profilaktikasini tizimli va manzilli amalga oshirish maqsadida Akademiya ishchi guruhlari tomonidan ilmiy yondashuv asosida ishlab chiqilgan metodik tavsiyalar amaliyotga samarali tatbiq etilayotganini ta’kidladi.

Mutaxassislar tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida yagona elektron axborot almashinuvini tizimini joriy etish, hududlarda kriminogen vaziyat tahlili asosida ichki ishlar organlari kuch va vositalarini maqbullashtirish, axborot texnologiyalari va internet tizimidan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish kabi yo‘nalishlarda taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech