Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “O‘zgarish” mahalla fuqarolar yig‘inida huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Uchrashuvda IIV Akademiyasi ishchi guruhi rahbari, polkovnik Abdukarim Shodiev, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ravshan Ernazarov va boshqalar so‘z olib, “barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor g‘oya asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib o‘tdilar.
Keyingi yillarda mahalla institutining jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish, quyi bo‘g‘indagi muammolarni manzilli hal etish borasida tizimli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani, hududlardagi yangilanishlar aholining turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimiga joriy qilingan samarali mexanizmlar mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashga, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga xizmat qilayotgani aytildi.
Tadbirda mazkur faoliyatni yanada takomillashtirishda mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha faollar hamda profilaktika inspektorlarining hamkorligini kuchaytirish, bu borada “fuqarobay” ishlash metodikasini amaliyotga joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek kriminogen vaziyatni doimiy ravishda o‘rganib borish, jinoyatchilikka imkon berayotgan omillarga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, aholi, ayniqsa yoshlarning ma’naviy salohiyatini yuksaltirish yuzasidan taklif hamda tavsiyalar muhokama qilindi.
Shu kuni tumandagi kasb-hunar maktabida ham “Yangi O‘zbekistonni korrupsiyadan xoli mamlakatga aylantirishda birlashaylik!” mavzuida uchrashuv o‘tkazildi. Ta’lim maskani jamoasi, mahalla faollari va hududiy profilaktika inspektorlari ishtirok etgan tadbirda korrupsiya illatini keltirib chiqarayotgan sabablar atroflicha muhokama qilinib, jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari, bu borada qabul qilingan dasturlarning mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati