Shu kunlarda Turkiya politsiya akademiyasi vakillari yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi. Xorijlik mutaxassislar ishtirokida “Inson resurslarini boshqarish” ta’lim dasturi doirasida seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Mashg‘ulot oldidan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov turkiyalik mehmonlar bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida jahonda yuz berayotgan global o‘zgarishlar, ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari bugungi kunda siyosiy-iqtisodiy, fan-ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda jadal rivojlanmoqda. Ikki mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi organlari xalqaro terrorizmga qarshi kurashish, uyushgan va transmilliy jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, kiberxavfsizlikni yo‘nalishlarida muntazam hamkorlik qilib kelmoqda. Ayniqsa so‘nggi yillarda soha uchun professional kadrlarni tayyorlashga yo‘naltirilgan dasturlar amaliyotga keng tatbiq etildi.
– Ta’lim sohasini rivojlantirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi, – dedi R.Xatamov. – Hozirgi murakkab davrda xalqaro tajribaning ilg‘or jihatlarini o‘rganmay turib, bu borada ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Turkiya politsiya akademiyasi bilan o‘zaro tajriba almashinuvining izchil davom etayotgani ta’limga ilg‘or yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘z navbatida, Turkiya politsiya akademiyasi vakillari Ibrohim Atach va Merve Ayshe Akbulut mushtarak maqsadlar yo‘lidagi amaliy hamkorlikdan mamnunliklarini bildirishdi.
Mehmonlarning e’tiroficha, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari ko‘p asrlik tarix, azaliy do‘stlik va umumiy qadriyatlarga asoslangan. O‘zbekiston jadal taraqqiy topayotgan mamlakat sifatida barcha jabhalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Rivojlanish tendensiyasining bunday tus olgani o‘zining ijobiy natijalari bilan Turkiya jamoatchiligi tomonidan ham yuksak qiziqish bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ko‘p qirrali munosabatlarda yangi salohiyat va imkoniyatlarni ishga solish tomonlarning birdek manfaatiga xizmat qiladi.
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar Akademiyada amalga oshirilayotgan yangilanishlarni ko‘zdan kechirdilar. Tanishuv jarayonida o‘quv dargohining boy tarixi, rivojlanish bosqichlari, xususan, joriy yildan amaliyotga tatbiq etilgan o‘qitishning yangi va zamonaviy mexanizmlari, tinglovchi-kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
– Bugungi kunda davlat sektorida inson resurslarini boshqarish, uning intellektual qobiliyatidan oqilona foydalanish strategik vazifaga aylanmoqda, – deydi Merve Ayshe Akbulut. – Turkiyada yuqori salohiyatli kadrlarni tayyorlash, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishga alohida e’tibor qaraladi. Chunki har bir soha singari politsiya tizimida ham yuqori samaradorlikka erishish yetuk bilim va ko‘nikmaga ega xodimlarga bog‘liq. Seminar-trening davomida mazkur sohadagi ilg‘or tajribalar va zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha kasbiy malakalar oshiriladi.
Aytish joizki, 25-fevralga qadar davom etadigan seminar-trening mashg‘ulotlariga IIV Akademiya professor-o‘qituvchilari bilan birga, Toshkent shahri va Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi sohaviy xizmatlaridan xodimlar jalb qilingan.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati