Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi mintaqaviy maslahatlashuv

14 Noyabr 2023, 09:11

987

13-14-noyabr kunlari IIV Akademiyasida “Terrorizmni moliyalashtirishda kriptovalyutalardan foydalanishga qarshi kurashish” bo‘yicha mintaqaviy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish Yevroosiyo guruhi, Rossiya Federatsiyasining Moliyaviy monitoring bo‘yicha federal xizmati, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida tashkil etildi. 

Tadbir ochilishida Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov, IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov, BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi departament boshlig‘i Ulrik Axnfeldt-Mollerup, Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish Yevroosiyo guruhi Kotibiyati maslahatchisi Darya Kudryashova so‘z olib, mavzuning xalqaro miqyosdagi dolzarb ahamiyatiga to‘xtalib o‘tishdi.

Ta’kidlanganidek, terrorizm va u bilan bog‘liq tahdidlar global muammo sifatida jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga solmoqda. Terrorizmning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashish va uni moliyalashtirishga to‘sqinlik qilishdan birgina mamlakat yoki mintaqa emas, balki butun dunyo ogoh bo‘lmog‘i lozim. Chunki axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan hozirgi tahlikali sharoitda terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish imkoniyatlari ham kengayib bormoqda. Mintaqaviy maslahatlashuv ana shu muammoga birgalikda yechim topish va hamkor davlatlar ishtirokida preventiv choralarni ishlab chiqishga qaratilgani bilan dolzarb ahamiyatga ega.

Tadbirda Markaziy Osiyo hamda Rossiya, Belarus, Hindiston davlatlari ekspertlari, YXHT, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, MDH Aksilterror markazi, Interpol hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar atroflicha muhokama qilindi. Bu borada davlatlarning milliy tizimlarini rivojlantirish, moliyaviy oqimlar monitoringini yaxshilash, terrorchilar aktivlarini muzlatish va kriptovalyutalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, moliyaviy razvedka xizmatlarining faol hamkorligini kuchaytirish zarurligi  ta’kidlandi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech