Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Terrorizmga qarshi kurashishning universal normativ-huquqiy hujjatlarini takomillashtirish

02 Mart 2022, 09:03

1128

2-mart kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Terrorizmga qarshi kurashishning universal normativ-huquqiy hujjatlarini takomillashtirish yo‘nalishlari” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Insoniyatga jiddiy xavf solayotgan terrorizmga qarshi kurashish tobora global tus olib, xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishni taqozo etadi. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga qat’iy amal qilgan holda terrorizmning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashishda barcha davlatlar bilan teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlik qilib kelmoqda.

So‘nggi yillarda bu borada kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, O‘zbekiston Respublikasining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2021–2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasi qabul qilindi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur strategiya O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, xalqaro huquq va O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining umume’tirof etilgan tamoyil va normalariga asoslangan bo‘lib, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”, “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida” hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlarining qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyalari vakillari, soha mutaxassislari va kursantlar ishtirok etgan tadbirda terrorizmga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, ayniqsa terrorizmga qarshi kurashishda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni takomillashtirish masalalari qizg‘in muhokama qilindi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech