Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

TARIX SINOVIDAN O‘TGAN DO‘STONA HAMKORLIK strategik yo‘nalishlarda ravnaq topmoqda

29 Aprel 2022, 05:04

967

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti vakillaridan iborat delegatsiya  Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston va Koreya Respublikalarini ko‘p asrlik tarix, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan mustahkam aloqalar bog‘lab turadi. Davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan so‘ng ikki tomonlama aloqalar zamonaviy taraqqiyotning muhim sohalarida jadal rivojlandi. Xususan, global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha strategik hamkorlik mustahkamlandi.

Bugungi kunda tomonlar xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish masalasiga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu borada Ichki ishlar vazirligi va Koreya Respublikasi milliy politsiya agentligi, shuningdek Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Koreya milliy politsiya universiteti o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumlari ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar malakasini oshirish hamda ta’lim tizimida o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidlash joiz.

Koreya milliy politsiya universitetida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuv ikki tomonlama kelishuvlarning amaliy natijadorligini oshirish va istiqboldagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish yo‘lida g‘oyat samarali bo‘ldi.

 Uchrashuv avvalida Koreya milliy politsiya universiteti prezidenti janob Li Chyol Gu va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbari Rustam Xatamov davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan bir-birini qutladi.

– Biz milliy mentaliteti, madaniyati va qadriyatlari bir-biriga o‘xshash xalqlarmiz, – dedi janob Li Chyol Gu. – Ko‘hna Samarqand shahridagi  noyob suratlar diplomatik aloqalar ildizi Buyuk Ipak yo‘li davridan boshlanganini ko‘rsatadi. Mushtarak aloqalarning bunday iliq tarzda davom etib kelayotgani ikki buyuk millat vakillarining tarixan yaqinligini ko‘rsatadi. Biz O‘zbekiston va bu zaminda yashayotgan bag‘rikeng xalqingizga alohida samimiyat bilan qaraymiz. Taqdir taqozosi tufayli yurtingizga borib qolgan minglab koreys vatandoshlarimiz bugun O‘zbekistonning ajralmas bir bo‘lagiga aylangani, jamiyatning turli jabhalarida mehnat qilayotgani e’tirofga sazovor.

O‘z navbatida, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbari Rustam Xatamov strategik hamkorlikning ijobiy holatiga faol muloqot va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli erishilganini alohida ta’kidladi.

– Janubiy Koreya yuksak darajada taraqqiy etgan, ulkan ilmiy-texnikaviy, innovatsion va intellektual salohiyatga ega davlatlardan biri sanaladi, – dedi u. – Mamlakatning o‘ziga xos rivojlanish yo‘li, ta’lim sohasidagi ilg‘or yutuqlarini e’tirof etish joiz. Hozir O‘zbekistonda Koreyaning Inxa, Puchon, Yoju, Aju universitetlari filiali va Koreya xalqaro universiteti samarali faoliyat yuritmoqda. Shular qatorida ta’lim muassasalarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanib bormoqda. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, manfaatli munosabatlarni izchil rivojlantirishga intildik va ijobiy natijalarga erishdik. Bugungi muloqotimiz erishilgan kelishuvlar samarasini sarhisob etish va hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab olish imkonini beradi.

Muloqot chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Global tahdidlar kuchayib borayotgan murakkab sharoitda Koreyaning ilg‘or jihatlarini o‘rganish muhimligi ta’kidlanib, kelgusida IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilarining Koreya milliy politsiya universitetida malaka oshirishini tashkil etish, kiberxavfsizlik, IT-texnologiya bo‘yicha mutaxassislarni o‘quv mashg‘ulotlariga jalb etish, dolzarb mavzularda seminar-trening, master-klass mashg‘ulotlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish, ta’lim jarayonida kursantlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasida takliflar muhokama qilindi. Koreya milliy politsiya universiteti prezidenti janob Li Chyol Gu ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

Koreya Respublikasi bilan hamkorlikning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri raqamli va axborot texnologiyalaridir. Xizmat safari davomida Koreya milliy politsiya universiteti, sohilbo‘yi mudofaa korpusi va politsiya maxsus kuchlari bo‘limi, Uchuvchisiz uchish qurilmalari o‘quv markazi hamda Koreya transport xavfsizligi boshqarmasi qoshidagi Simulyatsiya o‘quv markazi faoliyati o‘rganilib, amaliyotga tatbiq etilgan ilg‘or yondashuvlarni ommalashtirish, o‘zaro tajriba almashish borasida fikr almashildi.

Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston va Koreya hamkorligining izchil rivojlanayotgani huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash jarayonini zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda. Samarali muloqotlarning amaliy natijasi mushtarak manfaatlarga xizmat qilayotgani bilan e’tiborga molik.   

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech