Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Talonchilik jinoyatini tergov qilish: xorij tajribasi

05 Aprel 2023, 06:04

1329

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg akademiyasi MDHdagi yetakchi ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan ushbu maskanda o‘qitishning samarali yondashuvlari tatbiq qilingan.

Hamkorlik memorandumi asosida “Talonchilik jinoyatini tergov qilishning o‘ziga xos xususiyatlari: Rossiya tajribasi misolida” mavzuida o‘tkazilgan onlayn master-klass mashg‘ulotida IIV Akademiyasining “tergov faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlar bilan birga, mutaxassislik kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Mashg‘ulotni Sankt-Peterburg akademiyasining Jinoyat protsessi kafedrasi dotsenti, polkovnik Dmitriy Ishenko, Rostov filiali Jinoyat huquqi va kriminologiya kafedrasi dotsenti, polkovnik Vyacheslav Lavrinov hamda Kriminalistika kafedrasi boshlig‘i, polkovnik Valentina Osyak olib bordi.

Tajribali mutaxassislar dastlab Rossiya va O‘zbekiston jinoyat qonunchiligining ayrim jihatlariga to‘xtalib, talonchilik qilmishi uchun nazarda tutilgan javobgarlik masalasini tahlil qildilar. Shundan so‘ng talonchilik va bosqinchilik jinoyatlarining kriminologik hamda jinoiy-huquqiy tavsifi, ularning sodir etilishiga imkon beruvchi shart-sharoitlar, jamiyat uchun xavfli bu kabi qilmishlarni fosh etishda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish, hodisa joyini ko‘zdan kechirishda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar, tergov jarayonida protsess ishtirokchilarining huquq va erkinliklarini ta’minlash, shuningdek isbotlanishi zarur bo‘lgan holatlar doirasini aniqlash va ular bo‘yicha o‘tkazilishi talab etiladigan tergov hamda protsessual harakatlar ketma-ketligini belgilash, sud-tergov amaliyotida ushbu qilmishlarga huquqiy baho berishning muhim xususiyatlari yoritib berildi.

Onlayn muloqot yakunida o‘zaro tajriba almashinuvini faollashtirish, mavjud o‘quv-metodik bazalar imkoniyatidan samarali foydalanish, dolzarb mavzularda ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazishga kelishib olindi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech