IIV Akademiyasida “Sud-ekspertlik faoliyatining xolisligi va mustaqilligini ta’minlash: muammo va yechimlar” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Respublika sud ekspertizasi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda sud ekspertlik faoliyati samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z bordi.
Markaz bo‘lim boshlig‘i Niyora Saitovaning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining 2021-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021–2025-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi va uning ijrosiga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Ushbu konsepsiyada sud ekspertlarining xolisligi va mustaqilligini ta’minlash, sohadagi normativ-huquqiy bazani muntazam takomillashtirib borish, sud-ekspertlik faoliyatini kengaytirish hamda sud ekspertizalarining sifati va ishonchliligini oshirish, nodavlat sud ekspertiza institutini rivojlantirish va boshqalar belgilandi.
Ochiq muloqotda sohadagi muammolarni ilmiy jihatdan tadqiq qilish, sud ekspertizasi nazariyasi va amaliyotini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, kadrlar malakasini oshirish yuzasidan fikr almashildi. Soha vakillari, professor-o‘qituvchilar, shuningdek mazkur ixtisoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatining xolisligi va mustaqilligini ta’minlashga oid normativ-huquqiy hujjatlarni milliy hamda xorijiy tajribaning ilg‘or yutuqlari asosida takomillashtirish borasida taklif-tavsiyalar bildirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati