Ichki ishlar vazirligi akademiyasida sirtqi ta’lim yo‘nalishi davlatimiz rahbarining 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3216-son qarori bilan tashkil etilgan edi.
Sirtqi ta’lim fakultetida ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega xodimlarning ta’lim olishi, o‘qish muddati oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun to‘rt yil hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun to‘lov-kontrakt asosida uch yilni tashkil etishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2021-yil 15-apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Akademiyaning sirtqi ta’lim shakliga boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Qurolli Kuchlarda kamida uch yillik harbiy xizmat (xizmat) stajiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.
Tizim oldidagi ustuvor vazifalardan kelib chiqib fakultetda ta’lim jarayonlari zamon talablari darajasida tashkil etib kelinmoqda. O‘quv jarayonining samarali pedagogik yondashuvlar, xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va interfaol metodlar yordamida o‘tkazilayotgani tinglovchilarning mutaxassislikka oid bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 3–23-fevral kunlari fakultetning 3-bosqich tinglovchilari uchun navbatdagi o‘quv yig‘ini tashkil etildi. Yig‘in davomida “O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi. Fuqarolik jamiyati”, “Axborot xavfsizligi asoslari”, “Ichki ishlar organlarida boshqaruv va axborot-tahlil faoliyati asoslari”, “Ichki ishlar organlari tezkor apparatlarining noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyati”, “Tezkor-qidiruv faoliyati”, “Tergov faoliyati”, “Ichki ishlar organlari profilaktik faoliyati”, “Profilaktika inspektorining ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish faoliyati”, “Jinoyat-ijroiya huquqi”, “Jinoyat-protsessual huquq”, “Kasbiy psixologiya” va boshqa fanlar doirasida jami 94 soatlik mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Dars mashg‘ulotlariga ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari bilan birga, ichki ishlar organlarining tajribali amaliyot xodimlari jalb qilindi.
Aytish joizki, fakultetda tinglovchilarning global axborot-huquqiy va ta’lim resurslaridan foydalanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bundan tashqari, ta’limning masofadan o‘qitish tizimi ham keng tatbiq etilgan. O‘quv yilining birinchi yarmida tasdiqlangan dastur asosida jami 60 soatlik onlayn mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mutaxassislarning fikricha, sirqti ta’lim yo‘nalishida kadrlarni tayyorlashdan maqsad ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini yanada takomillashtirishdan iboratdir.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati