Yurtimizdagi yangilanishlar, izchil islohotlar davrida ichki ishlar organlari faoliyati ham mutlaqo yangicha mazmun-mohiyat kasb etdi. Tizimni aholiga yaqinlashtirish va chinakam xalqchil tuzilma sifatida shakllantirish maqsadida amaliyotga yangicha mexanizmlar joriy qilindi. Bunda, eng avvalo, aholi bilan manzilli ishlash, fuqarolarni tashvishga solayotgan masalalarni joyida hal etish, hududlarning kriminogen vaziyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni barataf etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish orqali jinoyatchilikni jilovlashga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan bayram tabrigida ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratilganini alohida ta’kidladi.
Chindan ham, keyingi yillarda tizimni har jihatdan professional kadrlar bilan ta’minlash borasida mutlaqo yangi bosqichga qadam qo‘yildi. Yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bolaligidan kasbga yo‘naltirish, yuqori malakali huquqshunos sifatida tayyorlash maqsadida ixtisoslashgan maktab-internat, idoraviy akademik litseylar tashkil qilinib, ta’limning uzluksiz jarayoni yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati milliy va xalqaro tajribaning ilg‘or yondashuvlari asosida tubdan takomillashtirildi.
Bugungi kunda akademiyada bakalavriat va magistraturadan iborat ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy qilingan. Bakalavriat bosqichi 9 ta ixtisoslik yo‘nalishini o‘z ichiga olib, unda kursantlar modulli tizim asosida ta’lim oladi. O‘quv jarayonlarining 60 foizi nazariya, qolgan 40 foizi amaliyotga qaratilgan bo‘lib, kursantlar birinchi kursdan boshlab mutaxassislik, yuridik, jangovar va jismoniy bilim hamda ko‘nikmalarni o‘zlashtirib boradi.
Ta’lim sifatini oshirish maqsadida hududiy ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari rahbarlari ishtirokida onlayn mahorat darslari o‘tkazish, kursantlarning o‘quv tezkor-tergov guruhlari tarkibida hodisa joyiga chiqqan holda amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish, ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari va hududiy bo‘linmalarida bazaviy amaliyotlar tashkil qilish, shuningdek, “Muloqot” klubi, “Final” kompleks o‘quv mashg‘ulotlari hamda sayyor sud majlislari orqali kursantlarni kasbga yo‘naltiruvchi mexanizmlar yo‘lga qo‘yilgan.
Yangi O‘zbekistonda yangi ichki ishlar organlarini to‘la qaror toptirish yo‘lidagi islohotlar soha xodimlari, ayniqsa, rahbar kadrlar oldiga dolzarb talab va mezonlarni qo‘ymoqda. Hozirgi zamon rahbari yetuk, salohiyatli, vatanparvar va fidoiy, muvaffaqiyat sari intiluvchi, javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga qodir, tom ma’noda omilkor boshqaruvchi bo‘lishi shart. Akademiya magistraturasida “universal rahbar” tizimi joriy etilgani shunday kadrlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu haqda to‘xtalib, har bir xodim navbatdagi unvonni olishi uchun majburiy tarzda kasbiy malakasini oshirishi, rahbarlik lavozimiga tayinlanishi uchun Ichki ishlar vazirligi akademiyasining boshqaruv magistraturasida tahsil olishi belgilangani ijobiy samara berayotganini alohida qayd etdi.
Shu o‘rinda yana bir jihatni aytish lozim. Tizimdagi yangilanishlar natijasida jinoyatchilikni ilmiy jihatdan tadqiq etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Mazkur yo‘nalishda akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan respublikamizning barcha hududlari, ayniqsa, jinoyatlar salmog‘i yuqori mahallalarda tizimli ishlar olib borilmoqda. Bunda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning sabablari, ularga imkon bergan shart-sharoitlar, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar ilmiy tahlil qilinib, jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar, metodik qo‘llanmalar ishlab chiqilmoqda hamda amaliyotga keng tatbiq etilmoqda.
Joriy o‘quv yilidan mazkur faoliyatni takomillashtirish maqsadida yangi tizimga o‘tildi. Unga ko‘ra, akademiyaning ixtisoslik va yuridik kafedralari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga biriktirilib, hududlarning kriminogen holatini o‘rganish orqali huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ichki ishlar organlariga metodik yordam ko‘rsatish, shuningdek, ta’lim muassasasini tamomlagan yosh xodimlar faoliyatini monitoring qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz mazkur yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida ushbu yildan “mahalla yettiligi” tizimi joriy qilingani, profilaktika inspektori ana shu tizimning eng faol a’zosi sifatida aholi muammolarini hal etishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirishiga ham e’tibor qaratdi. Mazkur faoliyatni ilmiy-metodik jihatdan ta’minlash esa mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirishga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari tabrigida e’tirof etilgan yangilanishlar, dolzarb ahamiyatga ega vazifalar tizimning barcha xodimlari, ayniqsa, akademiya jamoasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Chunki hamma sohalarda bo‘lgani kabi ichki ishlar tizimida ham yuksak malakali, zamonaviy fikrlaydigan, o‘z kasbiga, Vatanimiz va xalqimizga sodiq kadrlar islohotlar taqdirini belgilab beradi. Buning uchun har birimiz, avvalo, shaxsiy fazilatlarimiz bilan yosh avlodga o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Yangi O‘zbekistonda yangi ichki ishlar organlarini to‘la qaror toptirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz ana shu mezonlarga bog‘liq.
Jamshid XOLOV,
IIV akademiyasi axborot xizmati mutaxassisi, kapitan