IIV Akademiyasida ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik sohaviy xizmatlari rahbarlari, tizim tasarrufidagi o‘quv muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Taraqqiyotning muhim omili sanalgan raqamli innovatsion texnologiyalar ichki ishlar tizimida samarali tatbiq qilinmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad soha faoliyatining ochiq va shaffofligini ta’minlash, mamlakatimizda huquq-tartibotni saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatdan samarali mexanizmlarini joriy etishdir. Chunki axborot makonidagi globallashuv jarayonlarining jadal sur’atlar bilan kuchayib borayotgani kiberolamda yangi-yangi xatar va tahdidlarning paydo bo‘lishiga, pirovardida jamiyat barqarorligiga xavf tug‘dirmoqda.
Yig‘ilishda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Najmiddin Turaxodjaev so‘z olib, tizimda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Aytib o‘tilganidek, ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari yildan-yilga innovatsion raqamli texnologiyalar bilan ta’minlab kelinmoqda. Ayni paytda xalqaro tajribaning ilg‘or yutuqlarini faoliyatga samarali tatbiq etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida, sohani yanada rivojlantirish kadrlar salohiyatiga ham bog‘liq.
IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov masalaning ayni jihatlariga to‘xtalar ekan, ta’limni raqamlashtirish, o‘quv jarayoniga axborot texnologiyalari va sun’iy intellektni qo‘llash orqali tizimni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash strategik yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidladi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda ta’limni boshqarishni avtomatlashtirish va har tomonlama tahlil qilib borish tizimini yaratish, oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish, axborot tizimini ishga tushirish va o‘quv, ilmiy, moliyaviy jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish, shuningdek “Dublikat” axborot tizimini ishlab chiqish kabi qator vazifalar belgilangan.
Akademiyada ham ta’lim-tarbiya jarayonini zamonaviylashtirishga yo‘naltirilgan “Smart-Akademiya” integrallashgan axborot-ta’lim platformasini yaratish ustida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida o‘qitishning ilg‘or yondashuvlari tatbiq etilib, “kiberjinoyatlarga qarshi kurash faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash, “Kiberxavfsizlik laboratoriyasi”ni tashkil etish, ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari faoliyatidagi elektron dastur va tarmoqlarni o‘quv tizimiga integratsiya qilish imkoniyatini kengaytirish rejalashtirilgan. Muhimi, bu yangilanishlar nafaqat ta’lim sifatini yuksaltirishga, balki tizimni yetuk malakali kadrlar bilan ta’minlashga ham xizmat qiladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati