Avval xabar qilinganidek, Bangladesh poytaxti Dakka shahrida Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA)ning navbatdagi XI konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tashkilotga a’zo ta’lim muassasalari vakillari, xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirok etgan anjumanda dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Anjumanning ochilish marosimida so‘z olganlar ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarining yuqori ishonch va do‘stlik tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotganini e’tirof etishdi. Ayniqsa zamonaviy tahdidlar ko‘lami ortib borayotgan hozirgi davrda manfaatli aloqalarni kengaytirish, yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish zarurligi alohida qayd etildi.
Konferensiya ishida politsiya faoliyatini raqamlashtirishning dolzarb jihatlari, tizimda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, raqamli transformatsiya sohasida tajriba almashinuvini kengaytirish, bu borada istiqboldagi asosiy vazifalar qizg‘in muhokama qilindi. Ishtirokchilar “Politsiyada ijtimoiy tarmoqlar tahlili”, “Politsiyani raqamlashtirish va tahdidlarning oldini olish masalalari”, “Politsiyada raqamli texnologiyalardan foydalanish” kabi kun tartibidagi asosiy yo‘nalishlarga bag‘ishlangan dolzarb mavzularda ma’ruza tingladilar. Ekspertlar tomonidan bir qator taklif va tashabbuslar bildirildi.
Uch kun davom etgan anjuman doirasida hamkor ta’lim muassasalari o‘rtasida samarali uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, IIV Akademiyasi vakillarining Bangladesh, Saudiya Arabistoni, Singapur, Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Qatar, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar turdosh oliy ta’lim muassasalari delegatsiyalari bilan o‘tkazgan muloqotida ko‘p qirrali hamkorlikning mustahkam formatini yaratish, raqamli texnologiyalar bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga tatbiq qilish, innovatsion ta’lim yutuqlaridan samarali foydalanish, umume’tirof etilgan tamoyillar ruhida amaliy sa’y-harakatlarni birlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Konferensiya ishida Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi Ijroiya kengashining yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Tashkilotning bir yillik faoliyati sarhisob qilingan yig‘ilishda boshqaruv organi vakillarining yangi tarkibi saylandi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi prezidenti lavozimigiga Yilmaz Cholak qaytadan saylangan bo‘lsa, IIV Akademiyasi boshlig‘i R.Xatamov Ijroiya kengash a’zoligiga qabul qilindi. Shu tariqa, kengashning olti nafar a’zolari safidan ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi vakili ham o‘rin oldi.
Muxtasar qilib aytganda, yuqori ishchanlik ruhida o‘tgan Bangladesh konferensiyasi jahondagi geosiyosiy jarayonlar avj olgan, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik singari transchegaraviy tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda barqaror tinchlik va hamkorlikka erishishning ustuvor rejalarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati