Bundan o‘ttiz yil muqaddam Bosh qomusimizning qabul qilingani xalqimiz hayotida ulkan voqea sifatida muhrlandi. O‘tgan davr mobaynida Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan ustuvor maqsad va tamoyillar asosida tarixiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Asosiy qonunimiz qabul qilinganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. O‘quv dargohi professor-o‘qituvchilari, soha faxriylari, xodim va kursantlar ishtirok etgan tadbir jonajon Vatanimizning bosh qo‘shig‘i – O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Akademiya rahbari, polkovnik Rustam Xatamov so‘z olib, yig‘ilganlarni g‘urur va iftixor ramzi bo‘lgan shonli sana bilan muborakbod etdi.
– Bosh qomusimiz tufayli xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqdi, jamiyatning huquqiy asoslari mustahkamlandi, mustaqil O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi yuksaldi. Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, oliyjanob xalqimiz erishgan mislsiz yutuqlarga nazar solsak, buning fundamental asosi va huquqiy negizini Asosiy qomusimiz tashkil etganini ko‘rish mumkin. Bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida xalqimizning taklif va fikrlari asosida Bosh qomusimiz yanada takomillashtirilmoqda. Bu yangilanishlar jamiyatda inson omilini yanada yuksak darajada qadrlashga xizmat qiladi, albatta, – dedi Akademiya rahbari.
Tadbirda Asosiy qonunimizning hayotbaxsh qudrati va ahamiyati e’tirof qilindi. Milliy rivojlanishimizning yangi bosqichida chinakam xalq Konstitutsiyasini yaratish yo‘lidagi islohotlar, pirovard natijada, Yangi O‘zbekistonni har jabhada ravnaq toptirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng Prezidentimizning “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan bir guruh xodimlarga esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirning badiiy qismi Akademiya havaskorlik jamoalari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati