3–8-noyabr kunlari IIV akademiyasida ichki ishlar organlari mas’ul rahbarlari uchun qisqa muddatli o‘quv yig‘ini tashkil qilindi.
Mashg‘ulotlarga hududlardan Jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari, shuningdek Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi, Tergov va surishtiruv faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshliqlari jalb etildi.
Tinglovchilar sohaviy xizmatlar faoliyatini samarali tashkil qilish, jumladan, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, kriminogen vaziyatni barqaror saqlash, favqulodda holatlarda kuch va vositalarni boshqarish, maxsus operatsiyalarni o‘tkazish, uchuvchisiz qurilma (dron)larni qo‘llash, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga rioya qilish, kadrlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, uzluksiz o‘quv karyera tizimini samarali yo‘lga qo‘yish, xodimlarning xizmat, jangovar-jismoniy va axloqiy-psixologik tayyorgarligini ta’minlash, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, ijtimoiy-huquqiy himoyani amalga oshirish, shuningdek, zamonaviy axborot tizimlaridan foydalanish, OAV bilan bilan samarali hamkorlik qilish hamda boshqa dolzarb yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar.
Bundan tashqari, sohadagi keng qamrovli islohotlar, tizim faoliyatiga taalluqli ayrim normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati yetkazilib, Maxsus tayyorgarlik o‘quv markazi hamda Toshkent shahar IIBB Yagona boshqaruv markazida sayyor mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Ichki ishlar vazirligi vakillari va akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilardan sinov imtihonlari qabul qilindi. Shuningdek o‘quv yig‘ini ishtirokchilari ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati