So‘ngi yillarda IIV Akademiyasida ta’lim tizimiga mutlaqo yangicha tizim asnosida yondashilmoqda. Kursantlarning olgan nazariy bilimlarini yanada mustahkamlash borasida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
19-iyul kunidan Toshkent shahar IIBBda IIV Akademiyasi kunduzgi ta’lim 1-o‘quv kursi kursantlari uchun o‘quv-tanishuv hamda 2-o‘quv kursi kursantlari uchun ish o‘rganish amaliyoti boshlandi.
O‘quv-tanishuv va ish o‘rganish amaliyoti O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2019-yil 30-sentabrdagi “Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursant va tinglovchilarining ichki ishlar organlarida amaliyotlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi 312-son buyrug‘iga asosan Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalarida “Tezkor-qidiruv faoliyati”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “Tergov faoliyati”, “Ekspert-kriminalistika faoliyati”, “Xizmat faoliyatini psixologik ta’minlash faoliyati”, “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash faoliyati”, “Jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati” mutaxassisliklari bo‘yicha o‘tkaziladi.
Amaliyot oldidan mas’ul rahbarlar ishtirokida, ta’lim muassasasining 1 va 2-o‘quv kursi kursantlari hamda ularning ota-onalari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Yig‘ilishda kursantlar tomonidan amaliyot davrida qonunchilik va xizmat intizomga qat’iy rioya etishlari, tartib intizomni mustahkamlashda ota-onalarning ham mas’uliyatli bo‘lishlari yuzasidan so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng o‘qish davomida fanlarni “a’lo” baholarga o‘zlashtirganligi, jamoat ishlarida faol ishtiroki hamda tartib-intizomi va namunali xulqi bilan safdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh kursantlarning ota-onalariga Akademiya rahbariyatining “Minnatdorchilik xati” topshirildi.
Tadbir so‘ngida kursantlar biriktirilgan murabbiylar bilan amaliyot o‘tashlari uchun joylarga tarqatildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati