IIV akademiyasida BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi huzuridagi Aksilterror markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida tadbir o‘tkazildi.
“Inson huquqlarini himoya qilgan holda terrorizm maqsadlarida yangi texnologiyalardan foydalanishga qarshi kurashish bo‘yicha milliy aksilterror siyosati va tezkor javob choralarini ishlab chiqish” mavzuiga bag‘ishlangan tadbir Yevropa Ittifoqi ko‘magi bilan BMTning Kiberxavfsizlik va yangi texnologiyalar bo‘yicha global dasturi doirasida tashkil qilindi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli vazirlik hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirok etdi. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi huzuridagi Aksilterror markazi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlarining terrorizmga qarshi kurashda yangi texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlari to‘g‘risida”gi hisoboti taqdim etildi.
Terrorchilar buzg‘unchi rejalarini amalga oshirish uchun yangi texnologiya va innovatsiyalardan tobora ko‘proq foydalanayotgani, mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bu boradagi salohiyatini rivojlantirish ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, tadbirda terrorizmga qarshi kurash borasidagi xalqaro va mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirishda hamkorlikni mustahkamlash, ushbu murakkab jarayonlarda inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati