IIV akademiyasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, atoqli abid Tohir Malik xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Abidning izdoshlari, muxlislari, kitobsevar yoshlar ishtirok etgan tadbirda Tohir Malik asarlarida ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari haqida so‘z bordi.
Kechada so‘z olganlar adibning hayot va ijod yo‘li, umri davomida yozib qoldirgan kitoblari, yosh avlod kamoloti yo‘lida qilgan xayrli ishlarini e’tirof etishdi. Uning asarlari o‘z davridayoq katta shuhrat qozongani va haqli ravishda milliy adabiyotimiz xazinasidan joy olgani aytib o‘tildi.
– Ustozimiz nainki zabardast yozuvchi, balki ulkan ilmu urfon sohibi edi. Bu jihatlar uning asarlarida ham ufurib turadi. Shu bois, Tohir Malik kitoblarini hozir ham keksayu yosh sevib mutolaa qiladi. Hech bir oila yo‘qki, uning qissa yoki romanlari kirib bormagan bo‘lsa, – deydi O‘zbek tili va xorijiy tillar kafedrasi boshlig‘i Anvar Kurganov.
Tadbirda adib asarlarining bugungi davr uchun ahamiyati, yosh avlodni barkamol shaxs etib tarbiyalashdagi o‘rni, ularda ilgari surilgan g‘oyalar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Ichki ishlar organlari tizimida kitobxonlikni yanada ommalashtirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, kursantlarni ilmu ma’rifatli, vatarparvar, mard va fidoyi etib kamol toptirishda adibiyot eng ta’sirchan vosita ekanligi ta’kidlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati