Yurtimizda xalq bilan muloqotning samarali mexanizmlari joriy qilingan. Ayniqsa “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” kabi samarali tizimlar aholi muammolarini hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
IIV Akademiyasi ishchi guruhining Andijon viloyatiga safari chog‘ida kriminogen vaziyati murakkab mahallalar ahvoli atroflicha o‘rganilyapti. Xususan, Buloqboshi, Bo‘ston, Andijon va Shahrixon tumanlarida o‘tkazilgan uchrashuvda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish borasida yechimini kutayotgan masalalar borligi ayon bo‘ldi.
Ishchi guruh vakillari jinoyatlar soni oshgan hududlarda bo‘lib, mahalla faollari, sektorlar mutasaddilari va profilaktika inspektorlari bilan fikr almashdilar. Ochiq muloqotda mavjud ahvolni ijobiy tomonga o‘zgartirish, “yashil” toifadagi mahallalarni ko‘paytirish, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga manzilli ko‘mak berish, kommunal tizim bilan bog‘liq muammolarni o‘z vaqtida hal etish, mahalliy investitsiyalar hisobiga hududlarni rivojlantirish, mahallalarni jinoyatdan xoli maskanga aylantirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, ishchi guruh vakillari Shahrixon dehqon bozori, “Elegant” poyabzal ishlab chiqarish fabrikasi, “Buvaydo” mahalla huquq-tartibot maskanini ko‘zdan kechirib, aholi uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar va qo‘shimcha ish o‘rinlari bilan tanishdilar.
Bir so‘z bilan aytganda, jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan o‘rganishlar muammoning amaliy yechimiga qaratilgan ochiq muloqot ruhida o‘tmoqda. Bu ham mahallalar obodligiga, xalqimizning farovon turmushiga xizmat qiladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati