Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

MAGISTRATURADA YAKUNIY DAVLAT ATTESTATSIYALARI BO‘LIB O‘TMOQDA

16 Avgust 2022, 03:08

1713

IIV Akademiyasida Yakuniy davlat attestatsiya komissiyasining  yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlari rahbarlari, yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari hamda magistratura tinglovchilari ishtirok etdi. 

Yig‘ilish avvalida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi raisi, general-mayor Azizbek Ikramov so‘z olib, davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5076-son qarori asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, ichki ishlar organlari uchun zamon talablariga to‘la javob beradigan boshqaruv kadrlarini tayyorlash maqsadida tashkil etilgan Akademiya magistraturasini dastlabki o‘quv yilida 147 nafar tinglovchi tamomlaydi. Tinglovchilar bir yillik ta’lim dasturi asosida I darajali “tashkiliy-strategik boshqaruv” va II darajali “tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisliklari bo‘yicha rahbarlikka oid bilim hamda ko‘nikmalarni egalladilar. O‘quv jarayoni milliy va xorijning ilg‘or tajribalariga tayangan holda o‘qitishning modulli tizimi asosida olib borildi. Bunda, eng avvalo, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash orqali tinglovchilarning kasbiy salohiyati, ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, soha uchun yetuk rahbar kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Dars mashg‘ulotlariga davlat hokimiyati va boshqaruv organlari vakillari, nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan yetakchi olim va ekspertlar bilan bir qatorda, ichki ishlar vaziri o‘rinbosarlari, vazirlik sohaviy xizmatlari rahbarlari, Akademiya rahbariyati hamda tajribali professor-o‘qituvchilar jalb qilindi.

O‘quv yili mobaynida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Sudyalar oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi, shuningdek Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlari, Toshkent shahri va viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari, Adliya vazirligi huzuridagi Respublika sud ekspertizasi markazida malakaviy hamda ilmiy amaliyotlar tashkil etildi. Bundan tashqari, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tinglovchilarning rahbarlik va boshqaruvga oid ko‘nikmalari yanada boyitildi. Magistraturaning “tashkiliy-strategik boshqaruv” yo‘nalishida ta’lim olayotgan tinglovchilar esa Turkiya Respublikasida tashkil etilgan o‘quv kurslarida qatnashib, xorij tajribasining ilg‘or yutuqlarini o‘rganib qaytdilar.

Yig‘ilishda Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov o‘quv jarayoniga tatbiq qilingan yangicha yondashuvlarning o‘ziga xos jihatlari, yakuniy imtihon va magistrlik dissertatsiyasi himoyalarining mezonlariga to‘xtalib, tizimdagi islohotlar natijadorligini oshirishda ichki ishlar organi rahbar kadrlariga qo‘yilayotgan ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha ma’ruza qildi. Shundan so‘ng yakuniy davlat attestatsiya komissiyasini tashkil etish bo‘yicha ichki ishlar vaziri hamda Akademiya boshlig‘ining buyruqlari yig‘ilish ishtirokchilariga yetkazildi.

Kunning ikkinchi yarmida tinglovchilar uchun mutaxassislik fanlaridan bitiruvoldi imtihonlar boshlandi. Yakuniy davlat attestatsiyasi hamda dimlom ishlari himoyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilar magistraturani tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplom asosida ichki ishlar organlarining tegishli rahbarlik lavozimiga tayinlanadilar.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech