Ichki ishlar organlarining xalqchil faoliyati barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning yuksak salohiyati va boshqaruv mahoratiga bog‘liq. Akademiya magistraturasida o‘quv jarayoni bevosita ana shu maqsadga qaratilgan.
Magistraturada zamonaviy ta’limning modulli tizimi keng joriy qilingan bo‘lib, mashg‘ulotlar ilg‘or pedagogik yondashuvlar asosida olib boriladi. Har bir o‘quv moduli yakunida esa tinglovchilarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar orqali mustahkamlash maqsadida ilmiy-malakaviy amaliyot tashkil qilinadi.
O‘qitishning bunday yondashuvi ijobiy samara berayotgani yaqinda tashkil etilgan amaliyot davrida ham namoyon bo‘ldi. Tasdiqlangan jadvalga asosan, “tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisligi tinglovchilari “Ichki ishlar organlarining tergov faoliyatini boshqarish”, “tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligi tinglovchilari esa “ichki ishlar organlarining kadrlar bilan ishlash faoliyatini tashkil etish” o‘quv modullari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
Mashg‘ulotlar Ichki ishlar vazirligining tegishli sohaviy xizmatlari, Respublika sud ekspertizasi markazi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari, shuningdek vazirlik tasarrufidagi ta’lim muassasalari, Bo‘stonliq tumani va Angren shahar ichki ishlar bo‘limlari hamda O‘zbekiston milliy kutubxonasida o‘tkazildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ilmiy va malakaviy amaliyot tizim faoliyatini tahlil etgan holda boshqaruvga xos ko‘nikmalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati