Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan ma’naviyat va ma’rifat darsida korrupsiyaning milliy taraqqiyotimizga tahdidi haqida so‘z bordi.
Ta’lim muassasasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va xodimlar ishtirok etgan tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ma’ruza qildi.
Har qaysi mamlakat yuksalishning o‘ziga xos yo‘lini tanlar ekan, jamiyat rivojiga to‘g‘anoq bo‘luvchi to‘siqlarga barham berishga harakat qiladi. Korrupsiya ham o‘z nomi bilan ana shunday xatarlardan biri sanaladi. Uning zamirida davlat va jamiyat hayotiga o‘nglab bo‘lmas talofat yetkazuvchi vayronkor oqibatlar mavjud. Korrupsiya mamlakatni ich-ichidan yemirib, xalqning davlatga nisbatan ishonchini so‘ndiradigan, jamiyatda norozilik kayfiyatining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan kuchdir. Shu bois, huquqiy madaniyati shakllangan har bir shaxs unga qarshi ongli ravishda kurashmog‘i lozim. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, buning uchun butun jamiyatimizda, avvalo, yoshlar ongida bu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, barcha sog‘lom kuchlarni birlashtirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning barcha huquqiy asoslari yaratilgan. Xususan, izchil islohotlar davrida O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni (2017-yil 3-yanvar) qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, jazo muqarrarligini ta’minlash va bu borada xalqaro hamkorlikni ta’minlash kabi choralar mustahkamlab qo‘yildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati doirasida aniq maqsadli dasturlar hayotga tatbiq etilib, bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda mamlakatimizni korrupsiyadan xoli hududga aylantirish yo‘lida qilinayotgan keng ko‘lamli islohotlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish hamda javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rolini kuchaytirish, jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha tahlil qilindi. Bu borada 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida nazarda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan dolzarb fikr-muholazalar bildirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamini “halollik vaksinasi” bilan oziqlantirish, pirovard natijada, inson qadr-qimmatini ulug‘lashga, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini so‘zsiz ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek tadbirda Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov ham so‘z olib, ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilma sifatida shakllantirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, soha xodimlarining kasbiy va ma’naviy-axloqiy salohiyatini yuksaltirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish orqali tizimda korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlar amaliyotga tatbiq qilinayotganini aytib o‘tdi.
Shu kuni davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bir guruh xodimlarning farzandlari ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish imtiyozini beruvchi tavsiyanoma hamda taqdimnomalar bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati