Axborot texnologiyalari rivojlanib borgani sayin kiberjinoyatlar salmog‘i ham oshib bormoqda. Bu esa internet tarmog‘i bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini taqozo etadi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida internetda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar profilaktikasi va kiberxavfsizlikni ta’minlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda qator vazirlik, idora va tashkilotlar mutasaddilari, IT bo‘yicha mutaxassislar, respublikamizning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan olim va tadqiqotchilar, yoshlar qatlami vakillari, shuningdek OAV xodimlari ishtirok etdi.
Ilmiy-amaliy konferensiyani Akademiya boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Ruftullo Nigmatov kirish so‘zi bilan ochib, kiber makonda yuzaga kelayotgan tahdidlarning oldini olishda soha mutaxassislari oldidagi dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng ma’ruzachilarning “Kiberjinoyatchilik profilaktikasida intellektual-zamonaviy mexanizmlar”, “Kiberxavfsizlik va axborot xavfsizligining o‘ziga xos xususiyatlari”, “Internet tarmog‘i orqali yoshlar ongiga xavf solayotgan axborot xurujlarining oldini olish”, “Ichki ishlar organlarining axborot texnologiyalari sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini takomillashtirish” va boshqa mavzudagi chiqishlari tinglandi.
Soha vakillari global taraqqiyot davrida kiberxavfsizlikni ta’minlash, internet tarmog‘i orqali sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, mazkur soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, jamiyatda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr almashib, mavjud muammolarning yechimlariga qaratilgan taklif hamda tavsiyalarini bildirishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati