Bugun, 6-dekabr kuni IIV Akademiyasida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori tomonidan navbatdagi vebinar ma’ruza tashkil etildi.
On-layn formatda o‘tgan mashg‘ulotni YXHT Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish departamentining Politsiya faoliyati bo‘yicha strategik masalalar guruhi ekspertlari Byorn Tore Saltvik hamda Alina Muntyanu olib bordi.
Mashg‘ulot “Jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish va gender tenglik asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida ayol xodimalarning kasbiy o‘sishini ta’minlash” mavzuiga bag‘ishlandi. Xorijlik mutaxassislar ishtirokida jinsiy zo‘ravonlik, uning sabablari va kelib chiqish sharoitlari, jinsiy zo‘ravonlik jabrlanuvchilari huquqlarini himoya qilish, ularga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish, xotin-qizlarga nisbatan sodir qilinayotgan zo‘ravonliklarga qarshi kurashish, ushbu holatlarning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy sa’y-harakatlar, mazkur faoliyatdagi muammolar va ularning yechimlari xususida fikr almashildi.
O‘z navbatida, YXHT vakillari gender tenglik masalalari, xususan, xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan turli tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni e’tirof etib o‘tishdi. Mashg‘ulot davomida ixtisoslik kafedralari professor-o‘qituvchilari va kursantlar o‘zlari uchun zarur tavsiyalarga ega bo‘lishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati