IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining 1-mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi tasarrufidagi jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun bir kunlik seminar-trening tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar IIV Akademiyasi o‘quv bazasida tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borildi. Dastlab Jazoni ijro etish faoliyati kafedrasi boshlig‘i, polkovnik Abdukarim Shodiyev so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar va seminar-treningni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng “Jazoni ijro etish muassasalari tarixi va rivojlanish bosqichlari”, “Penitensiar tizimda mahkumlarning huquq va majburiyatlari”, “Jazoni ijro etish tizimini liberallashtirishning asosiy yo‘nalishlari va bosqichlari”, “Jazoni ijro etish muassasalari xodimlari tomonidan qiynoqqa qarshi konvensiya talablariga rioya etish masalalari”, “Jazoni ijro etish muassasalarida penitensiar psixologiyaning o‘rni” mavzuida trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Tizim xodimlarining kasbiy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulotlar jazo ijro etish muassasalari faoliyatiga samarali mexanizmlarni tatbiq etishga xizmat qiladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati