Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

ISTIQBOLLI HAMKORLIKKA QARATILGAN MUHIM HUJJATLAR IMZOLANDI

05 Iyun 2022, 08:06

1243

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari Turkiya Respublikasida bo‘ldi. Samimiy uchrashuv va muloqotlar chog‘ida ko‘p qirrali hamkorlikning muhim yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Kun tartibidagi asosiy tadbirlarga poytaxt Anqara shahri mezbonlik qildi. Turkiya jandarmeriya va sohil xavfsizligi akademiyasida ta’lim muassasalari rahbarlarining kengaytirilgan doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar bir-birlarini qutlagan holda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining hozirgi holatiga yuqori baho berdilar.

“Biz ildizi mushtarak va kelajagi porloq ikki buyuk millat vakillarimiz. Xalqlarimizni shonli tarix, o‘xshash madaniyat va milliy an’analarga asoslangan qardoshlik munosabatlari birlashtirib turadi. Tarix sinovidan o‘tgan aloqalarning asrlar davomida rivojlanib kelgani turkiy xalqlar sivilizatsiyasi rivojida muhim o‘rin tutganini alohida e’tirof etish joiz”, - dedi Turkiya jandarmeriya va sohil xavfsizligi akademiyasi boshlig‘i Murat Bulut.

– Sizning o‘tgan yil iyul oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifingiz chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikka tamal toshi qo‘ygan edik, – dedi delegatsiya rahbari Rustam Xatamov. – Bugungi amaliy tashrifdan istiqbolli kelishuvlarni mustahkamlash orqali aloqalarni yanada rivojlantirishni maqsad qilganmiz. O‘ylaymanki, samimiy ruhda o‘tayotgan bugungi uchrashuvda ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ijobiy natijalarga erishamiz.

Muloqot davomida o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ta’lim muassasalari rahbarlari hamkorlik memorandumini imzolab, ta’lim samaradorligini oshirishning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Aytish joizki, Turkiya milliy politsiya akademiyasi mamlakatdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. 2018-yil 6-martda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Turkiya milliy politsiya akademiyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolangan edi va mazkur hujjat o‘zaro aloqalarni sifat jihatdan yubori bosqichga olib chiqishda mustahkam huquqiy poydevor bo‘ldi.

Politsiya akademiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘quv maskani boshlig‘i janob Yilmaz Cholak o‘zbekistonlik hamkasbini samimiy qutlab, o‘zaro hamkorlikni ravnaq toptirish uchun har ikki tomonda ulkan salohiyat va imkoniyat mavjudligini alohida ta’kidladi. Uning e’tirof etishicha, Turkiya va O‘zbekiston munosabatlari yildan-yilga yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, ayniqsa ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochilishiga imkon yaratdi.

– Jahonda global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda manfaatli aloqalarni jadal davom ettirish, kadrlar tayyorlash va ta’lim jarayonida ilg‘or yondashuvlarni ommalashtirish, hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, – dedi Rustam Xatamov. – Siz rahbarlik qilayotgan politsiya akademiyasida yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy tajribalar soha uchun professional kadrlar tayyorlash, professor-o‘qituvchilarimiz va xodimlarning kasbiy malakasini oshirish, o‘quv jarayoniga interfaol metodlarni samarali tatbiq etishga xizmat qilmoqda.

Muzokara yakunida ta’lim muassasalari rahbarlari 2022–2023-yillarga mo‘ljallangan amaliy hamkorlik bo‘yicha tadbirlar rejasini imzoladilar. Janob Yilmaz Cholak o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidlab, tajriba almashinuvini kengaytirish, politsiya akademiyasi magistrlarini Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga malaka oshirish uchun yuborish, birgalikda ilmiy salohiyatni yuksaltirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Ta’kidlash joizki, xorij safari davomida delegatsiyamiz vakillari Turkiya jandarmeriya va sohil xavfsizligi akademiyasi, Jandarmeriya aviatsiya boshqarmasi, Maxsus qo‘shinlar qo‘mondonligi, Ichki ishlar vazirligi ekspertizalar markazi, Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, shuningdek Izmir viloyatida joylashgan Focha jandarmeriya desant maktabi, Sohil xavfsizligi qo‘mondonligi hamda boshqa bir qator muassasalarda bo‘lib, soha uchun kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari bilan yaqindan tanishdilar.

Bundan tashqari, Turkiyadagi avtomaktablar jamiyati rahbari Musa Ayan bilan uchrashuv o‘tkazilib, Anqara shahridagi haydovchilik kursi faoliyati o‘rganildi. Uchrashuvda haydovchilarni tayyorlash, avtomaktablar o‘qituvchi-instruktorlari malakasini oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Xulosa qilib atyganda, Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safari davomida tomonlarni qiziqtirgan ko‘plab masalalar yuzasidan salmoqli kelishuvlarga erishildi. Hamkorlikning bunday tarzda rivojlanayotgani ta’lim samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech