Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

ILM-FAN VA TA’LIMNING INNOVATSIYALASHUVI: O‘ZBEKISTON VA JAHON TAJRIBASI

28 Sentyabr 2022, 09:09

1670

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Ilm-fan va ta’limning innovatsion rivojlanishi: hozirgi holati va taraqqiyot tamoyillari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjuman Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek yurtimiz va xorijning bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

 Akademiya rahbari Rustam Xatamov ilmiy-amaliy anjumanning maqsad va vazifalariga to‘xtalib, mamlakatimiz ilm-fani oldida turgan ustuvor yo‘nalishlar, hozirgi globallashuv davrida innovatsion rivojlanish tendensiyalarini amaliyotga tatbiq etish masalalari, bu borada milliy va xalqaro tajribaning o‘ziga xos jihatlariga e’tibor qaratdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ilm-fanni muntazam isloh qilib borish, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan.

Konsepsiyada ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga yo‘naltirish va yutuqlarini rag‘batlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini yaratish kabi maqsadli ko‘rsatkich va indikatorlar belgilab olingan. Ayni yo‘nalishdagi vazifalar mamlakatimizni isloh etish va yangilash jarayonlarini jadallashtirib, “Uchinchi Renessans” poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Toshkent shahridagi Amiti universiteti rektori Bobur Abdullaev, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali ijrochi direktori Abdulla Mag‘rupov so‘z olib, ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdilar. Asosiy ma’ruzachilar qatorida Belarus, Xitoy, Hindiston, Rossiya hamda O‘zbekiston vakillarining chiqishlari tinglandi.

Kunning ikkinchi yarmida xalqaro anjuman ishi sessiyalarga bo‘lingan holda davom ettirildi. Xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan “Ilmiy va ta’lim siyosatining strategik yo‘nalishlari: amalga oshirish tajribasi, muammolar va istiqbollar”, “Fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasi: innovatsion hamkorlik”, “Oliy kasb-hunar ta’limi sifatini boshqarish va monitoring qilish”, “Innovatsiyalar va zamonaviy pedagogik texnologiyalar oliy kasbiy ta’lim tizimida” kabi yo‘nalishlar doirasida fikr-mulohazalar bildirildi. Zamonaviy ilm-fan va ta’lim sohasidagi dolzarb muammolarning yechimlariga qaratilgan qator taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu borada konferensiya yakunlariga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamini chop etishga kelishib olindi.

Aytish joizki, xalqaro anjuman doirasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi. Tomonlar mazkur memorandum ilmiy-amaliy va innovatsion hamkorlikka keng yo‘l ochib, soha uchun malakali mutaxassis va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash hamda o‘zaro tajriba almashinuvini yanada kengaytirishda muhim poydevor bo‘lishini e’tirof etdilar.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech