Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

IIV AKADEMIYASIDA O‘QISH ISTAGIDA BO‘LGAN NOMZODLAR UCHUN E’LON

25 Yanvar 2024, 06:01

14184

Ichki ishlar vazirligi akademiyasining kunduzgi ta’lim bakalavriatida o‘qishni xohlaysizmi, unda qo‘yidagilarni bilishingiz tavsiya etiladi.

Kimlar o‘qishga qabul qilinadi?

Akademiyaga o‘qishga kirish uchun nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”da belgilangan talablarga javob berishi zarur.

Nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi, 17 yoshdan kichik (qabul yilida 17 yoshga to‘ladiganlar) va 25 yoshdan katta bo‘lmasligi (shu jumladan, 25 yoshdagilar), umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Kvotalar qanday taqsimlangan?

Akademiyaga umumiy qabul kvotasining 90 foizi Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi akademik litseylar va harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek, profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari uchun ajratilgan.

Qolgan 10 foiz kvota esa o‘rta umumta’lim maktablari bitiruvchilari hamda o‘rta maxsus ma’lumotga ega fuqarolarga berilgan.

Qanday hujjatlar talab etiladi?

Akademiyada o‘qish istagini bildirgan nomzodning arizasi (nomzod xodim bo‘lgan taqdirda bildirgisi) doimiy yashash joyi bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlarida qabul qilinadi. Bunda nomzod o‘z ariza (bildirgi)sida tanlagan ta’lim yo‘nalishini ko‘rsatishi kerak.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

nomzod tomonidan qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

anketa (ma’lumotnoma);

harbiy xizmatga chaqiriluvchining qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnoma nusxasi;

o‘qish, ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) joyidan tavsifnoma;

doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan sog‘ligining holat haqida belgilangan namunadagi ma’lumotnoma (bo‘y-basti ko‘rsatilgan holda);

ota-onasining Akademiyaga o‘qishga kirishiga rozilik xati.

O‘qishga qabul qilish nechta bosqichdan iborat?

O‘qishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1) dastlabki tanlov;

2) maxsus kasbiy tanlov;

3) yakka tartibdagi yakuniy suhbat.

Dastlabki tanlov nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi ma’lumotlarni to‘plash, nomzod to‘g‘risidagi turli ma’lumotlar, shuningdek uning sog‘ligi jihatdan o‘qishga yaroqliligini aniqlashdan iborat.

Dastlabki tanlov:

fuqarolar hamda IIV akademik litseylari bitiruvchilari uchun – ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida;

harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun – (hujjatlarni to‘plash va o‘rganish tadbirlari) ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida va (tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlari) harbiy akademik litsey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida;

ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun – ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda) o‘tkaziladi.

Nomzodlar vazirlik hamda ichki ishlar organlarida maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. 

Maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tadi.

Maxsus kasbiy tanlov quyidagilardan iborat:

hujjatlarni o‘rganish;

tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

yozma ish (bayon yoki insho);

umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

chet tillarini o‘zlashtirganlik darajasini baholash. 

Shuningdek “ekspert-kriminalistika faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirgan nomzodlar uchun maxsus kasbiy tanlov quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

hujjatlarni o‘rganish;

tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

kimyo, fizika va matematika fanlarini o‘zlashtirganligini baholash.

Maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzod yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yiladi. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat huquqshunoslik, O‘zbekiston tarixi, tarbiya fanlari bo‘yicha o‘tkaziladi. O‘z navbatida, yuqoridagi bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlargina o‘qishga qabul qilinadi.

Ixtisoslik yo‘nalishlari haqida

Akademiyaning kunduzgi ta’lim bakalavriatida o‘qish muddati 3 yilni tashkil etib, bunda kursantlar o‘zlari tanlagan ixtisoslik (“tezkor-qidiruv faoliyati”, “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “ekspert-kriminalistika faoliyati”, “jazoni ijro etish faoliyati”, “xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash”, “tashkiliy-shtab faoliyati”, “probatsiya faoliyati”) bo‘yicha ta’lim oladilar.

Eslatib o‘tamiz, 2024/2025 o‘quv yili uchun hujjatlarni qabul qilish joriy yilning 15-fevraliga qadar davom etadi.

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech