Joriy yilning 16-fevral kuni Krasnodarda fuqarolik huquqi va fuqarolik protsessini rivojlantirishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan VIII xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Belarus, O‘zbekiston va Rossiyaning qator oliy ta’lim muassasalari vakillari, huquqshunos olim va tadqiqotchilar, soha mutaxassislari, shuningdek ichki ishlar organlari amaliyot xodimlari ishtirok etdi.
Rossiya Federatsiyasi IIV Krasnodar universiteti boshlig‘i, general-leytenant Aleksandr Simonenko xalqaro anjumanning dolzarb ahamiyatiga to‘xtalib, turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada Rossiya Federatsiyasi IIV Boshqaruv akademiyasi, Ufa yuridik instituti, Kuban davlat universiteti, shuningdek O‘zbekiston, Belarus va Qirg‘iz Respublikalari IIV Akademiyalari vakillari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Fuqarolik huquqi va fuqarolik protsessining dolzarb muammolari, ularning yechimlari, bu borada huquqshunos olimlar oldidagi vazifalar muhokama qilindi. Soha mutaxassislarining fikr-mulohazalari asosida taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xalqaro anjuman samarali muloqotlarga boy o‘tdi. Xususan, IIV Akademiyasi va Rossiya Federatsiyasi IIV Krasnodar universiteti vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishuv jarayonida o‘qitishning ilg‘or yondashuvlarini ommalashtirish, ilmiy tadqiqot faoliyatini amaliyotning dolzarb muammolariga yo‘naltirish, malakali mutaxassislarni o‘quv jarayoniga jalb qilish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati