27-iyul kuni Belarus Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Dmitriy Korzyuk boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Yuqori martabali mehmonlarni akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov kutib oldi.
Taʼkidlash joizki, Belarus Respublikasi taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari ikki tomonlama kelishuv asosida jadal rivojlanib bormoqda. So‘nggi bir yil ichida kiberjinoyatlarni fosh etish, tergov jarayonida axborot texnologiyalarini samarali qo‘llash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, jamoat tartibini saqlash va ommaviy tartibsizliklarni oldini olish kabi muhim yo‘nalishlarda master-klass mashg‘ulotlari, professor-o‘qituvchilar va kursantlar uchun malaka oshirish kurslari tashkil qilindi.
Tomonlarning tor doiradagi uchrashuvida taʼlim sohasidagi hamkorlikning asosiy jihatlariga eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tobora yuksalib borayotganligini taʼkidlab, mehmonlarga IIV Akademiyasi yurtimizda ichki ishlar organlari uchun yetuk professional kadrlar tayyorlaydigan yagona oliy taʼlim muassasasi ekanligi, akademiyada taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan mutlaqo yangi innovatsion yondashuvlar tatbiq etilganligi to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi.
– O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarda o‘zaro ishonch va intilish muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Rustam Xatamov. – Qisqa fursatda hamkorligimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda aniq natijalarga erishdik. O‘ylaymanki, bu borada mavjud salohiyatlar hali to‘liq ishga solinmagan. Bugungi muloqotimiz yaqin istiqbolga mo‘ljallangan loyihalarni amalga oshirishga muhim omil bo‘ladi.
Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, polkovnik Dmitriy Korzyukning eʼtirof etishicha, hozirgi murakkab davrda ikki tomonlama hamkorlikni boyitish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi akademiyasi taʼlim tizimida qo‘llanilayotgan yangi innovatsion yondashuvlar tizim uchun yetuk professional kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Bizning akademiyamizda ham ana shunday yangicha uslublarni joriy etish zarur, – dedi Dmitriy Korzyuk.
Muzokaralardan so‘ng delegatsiya aʼzolari Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov hamrohligida taʼlim muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga taʼlim jarayoniga tatbiq etilgan yangiliklar, shaxsiy tarkib bilan olib borilayotgan jangovar-jismoniy hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Ayniqsa o‘quv tezkor-tergov guruhlari tashkil etilib, nazariya va amaliyot uyg‘unligi taʼminlanganligi, Akademiya yoshlarining sport sohasida qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlari mehmonlarda yuqori taassurot qoldirdi.
Shuningdek mehmonlar Axborot-resurs markazining zamonaviy imkoniyatlari, maskanda barpo etilgan “Turon qoploni – Jaloliddin Manguberdi” hamda “Buyuk sohibqiron Amir Temur” xonalari bilan tanishib, yosh avlod vakillarida milliy ruh tuyg‘usini oshirish, ularni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini alohida taʼkidlab o‘tdilar.
Shuning bilan Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyaning IIV Akademiyasiga qilgan bir kunlik tashrifi nihoyasiga yetdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati