Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’limning sirtqi yo‘nalishida o‘qishni istagan nomzodlar uchun imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
Aytish kerakki, Akademiyaning Sirtqi ta’lim fakultetiga ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega, xizmatda ijobiy natijalarga erishib kelayotgan oliy hamda o‘rta maxsus ma’lumotli xodimlar test sinovlari hamda yakuniy suhbat orqali qabul qilinadi. Shuningdek, fakultetda O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi va Davlat xavfsizlik xizmatining xodimlari ta’lim olishlari mumkin.
Sirtqi ta’lim yo‘nalishida o‘qish muddati oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan nomzodlar uchun to‘rt yil, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan nomzodlar uchun uch yilni tashkil etadi. Bitiruvchilarga «Jinoyatlarning oldini olish va fosh etish faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha «yurist» malakasi berilishi nazarda tutilgan.
Ayni kunlarda nomzodlar test sinovlarini topshirib, yetarli ball to‘laganlar yakuniy suhbatda ishtirok etishmoqda. Qabul komissiyasi a’zolarining ta’kidlashicha, imtihonlarning shaffof va belgilangan talablar darajasida o‘tishini ta’minlash maqsadida barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
IIV Akademiyasi matbuot xizmati