Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI AKADEMIYASIDA BITIRUV TADBIRI BO‘LIB O‘TDI

26 Iyun 2022, 08:06

2433

Tantanali ruhda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, qator vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari vakillari, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, soha faxriylari va professor-o‘qituvchilar, bitiruvchilarning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Saf maydoniga Akademiya jangovar bayrog‘i olib kirilgach, ta’lim maskani rahbari, polkovnik Rustam Xatamov bitiruvchilar va ularning ota-onalarini quvonchli sana bilan muborakbod etdi.

Bu yil Akademiyaning kunduzgi ta’lim yo‘nalishini “tezkor-qidiruv faoliyati”, “tergov faoliyati”, “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “ekspert-kriminalistika faoliyati”, “xizmat faoliyatini psixologik ta’minlash faoliyati”, “yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash faoliyati” hamda “jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati” mutaxassisliklari bo‘yicha 631 nafar kursant tamomladi. O‘tgan uch yil mobaynida ular zamonaviy pedagogik yondashuvlar, milliy va xorijning ilg‘or tajribalari asosida bilim olib, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlab bordilar. Mashg‘ulotlar Akademiya professor-o‘qituvchilari, ichki ishlar organlarining tajribali amaliyot xodimlari, shuningdek turdosh oliy ta’lim muassasalarining malakali mutaxassislari tomonidan olib borildi. Kursantlar uchun o‘quv jarayoni davomida hududiy ichki ishlar organlarida ish o‘rganish amaliyotlari tashkil etildi. O‘quv dasturlari bo‘yicha ular Yakuniy davlat attestatsiya imtihonlarini topshirib, malakaviy diplom ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.

Bitiruv tadbirida yosh leytenantlarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov tabrik so‘zida muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan professional tuzilma sifatida shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtaldi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, davlatimiz rahbarining 2021 yil 15 avreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5076-son qarori bilan tizim faoliyati tubdan isloh qilindi. Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, ta’lim va amaliyot uyg‘unligini takomillashtirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy qilindi.

– Sohadagi ulkan islohotlar Vatan taqdiriga daxldor, fidoiy va tashabbuskor, har tomonlama professional yangi avlod ichki ishlar organi xodimlarini tayyorlashga yo‘naltirilgan. Sizlar ana shu mas’uliyatni doimo his qilib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashish yo‘lida bor kuch-g‘ayratingizni safarbar etishingiz, ichki ishlar organi xodimi degan sharafli nomga munosib bo‘lishingiz kerak, – dedi Ichki ishlar vaziri.

Tantanali tadbirda birituvchilar va ularning ota-onalari ham so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lida qilinayotgan keng ko‘lamli islohotlarni e’tirof etdilar. Ona yurtimizni madh etuvchi qo‘shiqlar yangradi. Shundan so‘ng yosh leytenantlar tantanavor marsh bilan yurib, qadrdon o‘quv dargohlari bilan xayrlashdilar.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech