Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Ichki ishlar organlarini boshqarishning dolzarb masalalari muhokama qilindi

18 Noyabr 2022, 08:11

1170

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi Zamonaviy sharoitda ichki ishlar organlarini boshqarishning dolzarb masalalari: innovatsion yondashuv mavzuiga bag‘ishlandi.

Anjuman Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti shuningdek boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Muzaffar Ziyodullayev so‘z olib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida ichki ishlar organlari faoliyatiga boshqaruvning samarali yondashuvlari tatbiq etilayotgani, pirovardida bu tizimni chinakam xalqni rozi qiladigan tuzilmaga aylantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Ilmiy-amaliy anjumanda ichki ishlar organlari boshqaruv tizimining hozirgi holati, boshqaruvni takomillashtirish istiqbollari, bu borada yechimini kutayotgan masalalar, milliy va xalqaro tajribaning o‘ziga xos jihatlari xususida fikr almashildi. Asosiy ma’ruzachilarning “Favqulodda holatlar sharoitida huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbariga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari”, “Jamoat joylarida ichki ishlar organlari va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa sub’ektlarning hamkorligi”, “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya qo‘shinlarining jangovar vazifalarni birgalikda bajarishda o‘zaro hamkorligining konseptual asoslari”, “Favqulodda vaziyatlar sharoitida zamonaviy rahbarga qo‘yiladigan talablar”, “Ichki xavfsizlikni ta’minlashda ichki ishlar organlari va Qurolli Kuchlarining o‘zaro hamkorligi”, “Ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy qiyofasini yaratish – boshqaruv samaradorligini oshirishning muhim omili” mavzuidagi chiqishlari tinglandi.  

Muhokamalar yakunida soha mutaxassislari, amaliyot xodimlari hamda ilmiy tadqiqotchilar tomonidan bir qator muhim taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Konferensiya materiallarini alohida to‘plam tarzida chop etish rejalashtirilgan.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech