Yurtimizda yoshlarning munosib bilim olishi, milliy va xalqaro tajribaning ilg‘or jihatlarini o‘rganishi, tanlagan sohasining yetuk malakali vakili bo‘lib yetishishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Hozirda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida yuzga yaqin o‘zbekistonlik yoshlar o‘qimoqda. Zamon talablari darajasida bilim olayotgan umidli yoshlarimiz kelgusida mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilgan.
O‘quv kurslari xorijda o‘qiyotgan yurtdoshlarimizni Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan strategik islohotlar bilan yaqindan tanishtirish, ularning harbiy-vatanparvarlik fazilatlari, ayniqsa jamiyatimizda kechayotgan yangilanishlarga daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar jarayonida tinglovchilar dolzarb mavzularda ma’ruza tinglab, tajribali mutaxassislar bilan yaqindan fikr almashish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Bundan tashqari, kasbiy tayyorgarlikni oshiruvchi amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, poytaxtimizdagi ichki ishlar organlari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar. Ularning madaniy-ma’rifiy hordiq olishlari uchun ham tadbirlar o‘tkazilmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati