Ayni kunlarda Tojikiston Respublikasi IIV O‘quv markazi boshlig‘i, polkovnik Dodobek Nazirbekov mamlakatimizda mehmon bo‘lib turibdi.
Qo‘shni mamlakat vakili Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Yurtimiz mehmoni o‘quv dargohining yangilanayotgan qiyofasini ko‘zdan kechirar ekan, ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan innovatsion yondashuvlarni alohida e’tirof etdi. Ixtisoslashgan o‘quv majmualari, interfaol mashg‘ulot zallari, vatanparvarlikni targ‘ib qiluvchi xonalar, ayniqsa kasbiy va jangovar-jismoniy tayyorgarlikni yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar tojikistonlik mehmonda yorqin taassurot qoldirdi.
Bugungi sharoitda ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash jarayoni mutlaqo yangicha yondashuvni taqozo etmoqda. Tizim faoliyatini zamon talablari asosida tashkil etishda zamonaviy ta’lim, ayniqsa nazariya va amaliyot uyg‘unligining ahamiyati beqiyos. Tojikiston Respublikasi IIV O‘quv markazi boshlig‘i mutaxassislik yo‘nalishlari kursantlari uchun tashkil qilingan o‘quv tezkor-tergov guruhi faoliyati bilan tanishuv jarayonida ta’limning o‘ziga xos mexanizmlariga yuqori baho berdi.
Shu kunning o‘zida IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov ishtirokida uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida tomonlar o‘zaro hamkorlikning bugungi holati yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Dodobek Nazirbekov ikki davlat munosabatlari azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik an’analari asosida yuqori sur’atda rivojlanayotganini alohida e’tirof etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Tojikiston o‘quv muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, ta’lim, ilmiy tadqiqot hamda madaniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish, kadrlar tayyorlashning zamonaviy yo‘nalishlarini ommalashtirish borasida qizg‘in muloqot qilindi. Tomonlar o‘zaro aloqalarni barqaror sur’atda rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tojikistonlik mehmonning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati