“G‘afur G‘ulom” mahallasi Qashqadaryo viloyatining kriminogen vaziyati murakkab hududlaridan biri sanaladi. Ayni kunlarda mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish borasida keng ko‘lamli profilaktik chora-tadbirlar olib borilmoqda. Biroq hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina...
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan mazkur mahalladagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning ahvoli, ularning sodir etilish sabab va shart-sharoitlari, aholining muammolari va ijtimoiy holati chuqur o‘rganildi va tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, mahallada joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ayrim turdagi jinoyatlar sezilarli kamaygan, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish va tovlamachilik kabi og‘ir jinoyatlar umuman qayd etilmagan. Ammo o‘zlashtirish yoki rastrata qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish, bezorilik kabi jinoyatlar ko‘paygan. Natijada, umumiy jinoyatchilik ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 66,7 foizga oshib, mahalla kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan “qizil” toifadagi hudud bo‘lib qolmoqda.
Jinoyatlarga sabab bo‘layotgan omillar tahlil qilinganda ma’lum bo‘ldiki, joriy yilning o‘n oyida jinoyat sodir etganlarning 75,8 foizi boshqa hududlardan kelib ushbu illatga qo‘l urgan. Shuningdek, mahalla hududidagi ishlab chiqarish korxonalari va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan mansabdorlik, iqtisodiyot sohasi bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilgan.
Ishchi guruhi vakillarining mahalla fuqarolari bilan uchrashuvida yuqoridagi salbiy holatlar ochiq muhokama qilindi. Yoshi ulug‘ nuroniylar, xotin-qizlar vakillari va yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Shu kunning o‘zida Qarshi shahar IIB mutasaddilari, profilaktika inspektorlari, mahalla raisi va faollar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Bevosita muloqotda aholining muammoli masalalarini hal etish, xususan, mahalla hududida qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, vaqtincha ishsiz yoshlar, ayniqsa xotin-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, hududlarda kichik tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, yoshlar uchun sport inshootlari barpo etish, mahallani obodonlashtirish bo‘yicha yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Kun davomida ishchi guruhi a’zolari Qarshi shahridagi “Otchopar” mahallasida joylashgan namunali patrul-post xizmati punkti hamda “Xontepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 1-sonli huquq-tartibot maskani faoliyati bilan ham tanishdilar. Hudud profilaktika inspektorlariga jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
7-dekabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasida onlayn tarzdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik R.Xatamov, Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Sh.Satvoldiev, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, shahar, tuman ichki ishlar organlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, profilaktika inspektorlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etdi.
Ishchi guruhi rahbari R.Xatamov davlatimiz rahbari tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. “Ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy tuzilmaga aytashtirish maqsadida eskicha ish uslublaridan voz kechilib, soha faoliyatini zamon talablari darajasida kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda, birinchi navbatda, quyi bo‘g‘inlarning ishlash mexanizmi tubdan takomillashtirilib, aholining barcha qatlami bilan manzilli ish olib borish asosiy maqsad etib belgilangan. Bugungi kunda sektorlar rahbarlari, mahalla raislari hamda profilaktika inspektorlari bilan birgalikda “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” singari yondashuvlar asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq ayrim hududlarda jinoyatchilik ahvolining o‘zgarishsiz qolayotgani, alohi bilan ishlashda yuzaga kelayotgan muammolar faoliyatimizni tubdan isloh etishni taqozo etmoqda”, - dedi R.Xatamov.
Yig‘ilishda kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini manzilli olib borish, bu borada mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan zarur tavsiyalar berildi. Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatchilikning sabab va shart-sharoitlarini o‘rgangan holda “ilmiy diagnoz” qo‘yish orqali oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan hudud metodikasini joylarda samarali tatbiq etish, profilaktika inspektorining mahalla faollari hamda sektorlar bilan hamkorligini kuchaytirish, shuningdek jinoyatlarning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni barvaqt oldini olish borasida dolzarb vazifalar belgilab olindi. Soha vakillariga metodik qo‘llanmaning mazmun-mohiyati, uni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari batafsil tushuntirib o‘tildi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘zaro uchrashuv va muloqotlar hududlardagi mavjud ahvol bilan yaqindan tanishish asnosida aholining dardu tashvishlarini tinglash, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni ijobiy hal qilishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan ko‘zlangan maqsad aniq – mahallarda jinoyatchilikka barham berish va xalqimizning tinch-osuda va farovon hayotini ta’minlashdir.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati