Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

ENG FAOL KITOBXONLAR ICHKI ISHLAR VAZIRI TOMONIDAN RAG‘BATLANTIRILDI

03 Noyabr 2022, 08:11

890

Poytaxtimizda “TASHKENT BOOK FEST – 2022” III Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi davom etmoqda. Tadbirning ikkinchi kuni qiziqarli uchrashuv va muloqotlar, yangi kitoblar taqdimotiga boy o‘tdi.  

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus asosida jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish mazkur tadbirning asosiy maqsadidir.

– Kitobxonlik yurtimizda umummilliy harakatga aylanib bormoqda, – deydi IIV Akademiyasining Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i, mayor Farhod Toshtemirov. – Jamiyatning ma’naviy qiyofasi adabiyotga, kitob mutolaasiga bo‘lgan e’tibor bilan o‘lchanadi. So‘nggi yillarda ichki ishlar organlari tizimida ham kitobxonlikni ommalashtirish orqali soha xodimlarining kasbiy fazilatlarini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi tadbir aholi orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.      

 Ko‘rgazma-yarmarkada nafaqat mahalliy, balki xorijiy nashriyotlar tomonidan chop etilgan kitob mahsulotlari, turfa xil o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari namoyish qilindi. Quvonarlisi, Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan tizimda xizmat qilayotgan o‘ttiz nafar yosh kitobxonga bir million so‘mlik kitoblar jamlanmasi topshirildi.

– Kitob yarmarkasidan ulkan ma’naviy ozuqa oldim. Chunki kitob  – insonning eng sodiq do‘sti, tafakkurimiz qanoti. Buyuk ajdodlarimiz ham ilm-ma’rifatga, kitob o‘qishga intilib, yuksak cho‘qqilarga erishganlar. Tadbirda eng faol kitobxonlar qatorida Ichki ishlar vaziri tomonidan sovg‘a qilingan eng sara asarlarga sazovor bo‘ldim. Bu ishonch bilim olish yo‘lida katta kuch va g‘ayrat bag‘ishlaydi, – deydi IIV Akademiyasining 3-bosqich kursanti Husniya Umrzoqova. 

Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi 4-noyabr kuni o‘zi ishini yakunlaydi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech